Eng korrupsiyalashgan sohalar maʼlum qilindi

Saqlash
14:20 / 17.03.2025 220 0

Senatining bugun boʻlib oʻtgan yalpi majlisida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi faoliyati tanqid ostiga olindi.

 

Taʼkidlanishicha, ushbu sohada qator kamchiliklar kuzatilmoqda.

 

Jumladan, qurilishga ruxsat berish, binoni topshirishda yongʻin xavfsizligi boʻyicha byurokratiya va qonun buzilishi holatlari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar asosan korrupsiyani aniqlash va jazolash bilan shugʻullanib, korrupsiyaviy omillarning oldini olishga, preventiv choralarni koʻrishga eʼtibor qaratilmagan.

 

Shuningdek, korrupsiyaga qarshi kurashish hamda uning oldini olishda davlat organlari va tashkilotlaridagi korrupsiyaga qarshi ichki nazorat (komplayens nazorat) boʻlinmalarining oʻrni va masʼuliyati sezilmayapti.

 

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan sohaga oid xorijiy davlatlar tajribasi oʻrganilmagan, sohani rivojlantirish boʻyicha takliflar ishlab chiqilmagan.

 

Qayd etilishicha, sogʻliqni saqlash, bandlik, bank sohalarida korrupsiyaviy holatlar yuqori. Masalan, sogʻliqni saqlash sohasida – 527 ta, bandlik boʻyicha – 447 ta, banklarda – 434 ta korrupsiyaviy holat aniqlangan.

 

Byudjetdan eng koʻp mablagʻ oladigan vazirliklardagi korrupsiyaviy omillar esa aniqlanmagan, oʻrganilmagan hamda tahlil qilinmagan.

 

Tumanlarda, mahallalarda infratuzilmaga ulanish, litsenziya olish, imtiyozli kredit ajratish, ishga qabul qilish, malaka oshirish kabi maishiy korrupsiyaviy holatlar koʻpaygan.

 

Xabarga koʻra, davlat xizmatlari boʻyicha davlat idoralari va aholi oʻrtasidagi munosabatlarni baholaydigan tizim yoʻlga qoʻyilmagan. Prokuror, ichki ishlar va soliq organlari rahbarlarining korrupsiyaning oldini olish borasidagi faoliyati talabga javob bermaydi.

 

Tergovchi, prokuror va sudyalar qoʻlidagi ish boʻyicha faqatgina idoralarga taqdimnoma va xususiy ajrim kiritish bilan cheklanmoqda. Korrupsiyaga qarshi kurashish hududiy kengashlarining faoliyati ham talabga javob bermaydi, ular mahallalar bilan oʻzaro hamkorlik qilmagan.

 

Majlisda senatorlar Prezident tomonidan qayd etilgan yuqoridagi kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan manfaatdor vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda quyidagi masalalarga alohida eʼtibor qaratish zarurligini taʼkidlagan:

▪️ korrupsiyaga qarshi kurashishning qonunchilik asoslarini takomillashtirish, jinoyatchilikning oldini olish boʻyicha hududlardagi (mahallalardagi) ishlar samaradorligini oshirish, shu jumladan joylardagi maishiy korrupsiyaga barham berish,

▪️ jinoyat sodir etgan shaxslar bilan individual ishlash tizimini yoʻlga qoʻyish,

▪️ aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish;

▪️ korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish bilan bogʻliq keng qamrovli chora-tadbirlarni amalga oshirish

▪️ korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha hududiy kengashlar faoliyatini tubdan yaxshilash.

 

Muhokama yakunida jinoyatchilikka qarshi kurashish va korrupsiyaning oldini olish borasida amalga oshiriladigan ustuvor vazifalar yuzasidan Senatning qarori qabul qilingan.

 

Maʼlumot uchun, bungacha korrupsiyaga qarshi kurashish sohasiga oid 10 ga yaqin qonun imzolangan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//