
Jamiyat
Shavkat Mirziyoyev 11-mart kuni “Uy-joy hamda bino-inshootlarni issiqlik energiyasi bilan ta’minlash sohasini tubdan isloh qilish hamda binolarning energiya samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.
Hujjat kelgusi besh yil davomida sohani rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlarini belgilab beradi. Xususan, issiqlik ta’minoti sohasida yagona davlat siyosatini joriy etish, korxonalar faoliyatini ixtisoslashtirilgan tashkilot (“Issiqlikta’minoti”) orqali boshqarish va ilg‘or xalqaro tajribadan foydalanishni ko‘zda tutadi.
Markazlashgan issiqlik ta’minotiga ulanmagan to‘rt va undan yuqori qavatli ko‘p kvartirali uy-joylarning isitish tizimida lokal qozonxonalar qurish va boshqa muqobil texnologiyalarni joriy etish asosiy o‘zgarishlardan biri bo‘ladi. Bu bir xonadonning gazga bo‘lgan talabini kamida 20 foizga kamaytirishi kerak.
2030-yilgacha bo‘lgan islohotlarda quyidagilar ham ko‘zda tutilgan:
103 ta eskirgan qozonxona va 1,6 ming kilometrga yaqin issiqlik tarmog‘ini yangilash;
davlat-xususiy sheriklik asosida 9 ta, xalqaro moliya institutlari ishtirokida 13 ta shahar va tumanda modernizatsiya loyihalarini amalga oshirish;
markazlashgan issiqlik ta’minoti qamrovini 37 foizdan 58 foizgacha yetkazish, tizimdagi yo‘qotishlarni 38 foizdan 20 foizgacha qisqartirish;
ko‘p kvartirali uy-joylar va ijtimoiy soha muassasalariga 8681 ta individual issiqlik punktini o‘rnatish (2025-yilda 480 ta), markazlashgan issiqlik ta’minotini yopiq tizimga o‘tkazish dasturini ishlab chiqish va amalga oshirish;
yakka tartibdagi va ko‘p kvartirali uy-joylar, ijtimoiy soha hamda davlat muassasalari, sanoat va xususiy sektor bino-inshootlarining energiya samaradorligini oshirish maqsadida tajriba-sinov loyihalarini boshlash;
tabiiy gaz iste’moli yuqori bo‘lgan aholi xonadonlari va ijtimoiy soha hamda davlat muassasalarida energiya samarador va zamonaviy uskunalar (gaz gorelkali qurilmalar) o‘rnatishni rag‘batlantirish;
xususiy sektor ishtirokida issiqlik ta’minoti va boshqa sohalarda energoservis xizmatlarini ko‘rsatish hamda energiya tejamkorlikni oshirishda yangi bozorni shakllantirish, ESKO mexanizmlari va innovatsion moliya vositalari orqali energiya samaradorlikni oshirish loyihalarini muvofiqlashtiruvchi tashkilot tuzish.
ESKO mexanizmlar (ESCO — Energy Service Company, Energiya xizmati kompaniyasi) — ixtisoslashgan kompaniyalar korxonalar, muassasalar va hatto oddiy uylar uchun energiya samarador texnologiyalarni joriy etish orqali energiya iste’molini kamaytirishga yordam beradigan model.
ESKO kompaniya mijoz tomonidan boshlang‘ich xarajatlarsiz energiya samarador uskunalarni (masalan, zamonaviy qozonlar, binolarni izolyatsiya qilish, quyosh batareyalari va boshqalar) o‘rnatishni o‘z zimmasiga oladi.
Modernizatsiyadan so‘ng kommunal to‘lovlardagi tejamkorlik loyiha xarajatlarini qoplaydi va mijoz bu tejamkorlik hisobiga bosqichma-bosqich to‘lovlarni amalga oshiradi.
Misol uchun: maktab yillik isitish uchun taxminan 10 mln so‘m sarflaydi. ESKO kompaniya zamonaviy isitish tizimini o‘rnatadi va natijada xarajatlar 6 mln so‘mgacha kamayadi. Hosil bo‘lgan 4 mln so‘mlik farq ESKO kompaniyaga to‘lov sifatida yo‘naltiriladi. 5 yil o‘tgandan so‘ng, uskunalar o‘zini to‘liq qoplagach, maktab bu 4 mln so‘mni to‘liq o‘z ehtiyojlari uchun tejay boshlaydi.
Jamiyat
Jamiyat
Siyosat
Siyosat
Jahon
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q