Inspektor 51 ming, muhandis 20 ming, kadastr boʻlim boshligʻi 6 ming AQSH dollar pora bilan ushlandi

Saqlash
16:24 / 14.03.2025 53 0

Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti bilan hamkorlikda tezkor tadbir oʻtkazdi. Tadbir davomida Fargʻona, Namangan va Andijon viloyatlarida korrupsiya bilan bogʻliq holatlar aniqlandi.

 

Xususan, “Fargʻona suv taʼminoti” AJ Qoʻqon shahar boʻlimining muqaddam sudlangan 2 nafar inspektori oʻz xizmat vazifalaridan foydalanib, Qoʻqon shahrida mahalliy qurilish firmasi barpo etayotgan yangi koʻp qavatli uylardagi jami 555 ta xonadonga ichimlik suvi uchun hisoblagich oʻrnatish, shaxsiy kartochka ochish, sertifikat qilib berish va boshqa xizmatlar evaziga 51 ming AQSH dollari olgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

 

Ularga nisbatan Jinoyat Kodeksining 25,168-moddasining 4-qismi “a” bandi va 28,211-moddasining 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

 

Namanganda

Namangan viloyatida “Hududiy elektr tarmoqlari” AJga qarashli “Energosavdo” korxonasining Davlatobod tuman boʻlimi muhandisi metall eritish faoliyati bilan shugʻullanuvchi MCHJda elektr hisoblagichdan noqonuniy foydalanilganligi sababli, davlatga juda koʻp miqdorda zarar yetkazilganligini roʻkach qilgan. Holatni rasmiylashtirmaslik va jarimaga tortmaslik uchun vositachi orqali 20 ming AQSH dollari olgayotgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmati va Bosh prokuratura huzuridagi Departament xodimlari uni ashyoviy dalil bilan qoʻlga olgan.

 

Jinoyatchiga nisbatan Jinoyat Kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi va 28,211-moddasining 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, qamoq ehtiyot chorasi qoʻllanildi.

 

Andijonda

Andijon viloyatidagi tumanlardan birining kadastr boʻlimi boshligʻi fuqaroga bogʻdorchilik yoʻnalishida foydalanish uchun hokimiyat tomonidan ijaraga berilgan 1 gektar yer maydonining 17 sotix qismidagi noqonuniy qurilmani buzish boʻyicha dalolatnoma rasmiylashtirmaslik, sudlarga daʼvo arizasi kiritmaslik va uni jinoiy javobgarlikka tortish yuzasidan prokuratura organlariga hujjatlar taqdim qilmaslik, shuningdek, keyinchalik ushbu yer maydonining 22 sotix qismini “Oʻzboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga boʻlgan huquqlarni eʼtirof etish toʻgʻrisida”gi qonun asosida turar-joy sifatida rasmiylashtirilishida yordam berish evaziga 6 ming AQSH dollari talab qilgan.

 

Soʻralgan summani oʻzining xizmat xonasida olayotgan mansabdor Davlat xavfsizlik xizmati va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlangan.


Unga nisbatan Jinoyat Kodeksining 210-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, qamoq ehtiyot chorasi qoʻllanilgan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//