Farzandlaridan foydalanib tilanchilik qilgan ayol javobgarlikka tortildi

Saqlash
14:27 / 14.03.2025 27 0

Foto: idel-ural.org

 

Ijtimoiy tarmoqlarda fuqaroning IIO xodimlariga qarshilik koʻrsatayotgani aks etgan video tarqaldi. Olingan tasvir endilikda turli muhokamalarga sabab boʻlmoqda.

 

Toshkent shahar IIBB holat boʻyicha rasmiy munosabat bildirdi.

 

Maʼlum boʻlishicha, joriy yilning 11-mart kuni, taxminan soat 21:30 larda Mirobod tumani hududida 1989-yilda tugʻilgan (muqaddam bir necha marotaba Oʻzbekiston Respublikasi maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 47, 161, 183, 188 prim.3-moddalari bilan maʼmuriy javobgarlikka tortilgan) X.A. oʻzining uch nafar voyaga yetmagan farzandlaridan (2015-y.t., 2020-y.t., 2022-y.t.) foydalanib, ularning sogʻlom hayot kechirishi, taʼlimga jalb qilinishini taʼminlamasdan, tilanchilik bilan shugʻullanganligi aniqlangan.

 

Mazkur huquqbuzarlikni toʻxtatish va qonuniy chora koʻrish maqsadida PPX xodimlari ushbu ayolni yaqin oradagi IIBga taklif qilishgan. Biroq fuqaro IIO xodimlarining qonuniy talablarini bajarmasdan, jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimasdan, jamoat tartibini buzgan.

 

Ushbu holat yuzasidan Mirobod tumani IIO FMB tomonidan fuqaro X.A.ga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 183-moddasi (“Mayda bezorilik”), 188 prim. 3-moddasi (“Tilanchilik qilish”) va 194-moddasi (“Ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik”) bilan maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.

 

Huquqlarini himoya qilish va ijtimoiy yordam koʻrsatish maqsadida uch nafar voyaga yetmagan bolani hozirda Voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam koʻrsatish markaziga joylashtirish choralari koʻrilmoqda.

 

“Videotasvirda aks etgan holatda xodimlarning harakatiga baho berish maqsadida xizmat tekshiruvi tayinlangan”, deyiladi munosabatda.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//