Yolgʻon vakansiyalar eng koʻp koʻrsatilayotgan davlatlar nomi maʼlum qilindi

Saqlash
10:14 / 14.03.2025 142 0

Hozirgi vaqtda ijtimoiy tarmoqlarda katta maosh va oson viza vaʼda qiluvchi “soxta tadbirkorlar” koʻpaygan. Migratsiya agentligi bu kabi takliflar diskriminatsiya, odam savdosi, majburiy mehnat, va firibgarlik qurboni boʻlishga sabab boʻlishidan ogohlantirmoqda.

 

Xabarga koʻra, eng koʻp yolgʻon vakansiyalar quyidagi davlatlar nomidan koʻrsatilyapti:

▪️ Buyuk Britaniya;

▪️ Germaniya;

▪️ Polsha;

▪️ Chexiya;

▪️ Shveysariya.

 

“Yevropa davlatlariga ishchi vizalarini olish murakkab jarayon boʻlib, ayniqsa malakali ishchilar uchun katta raqobat bor. Malakali boʻlmagan ishchilar uchun esa bu davlatlarda qonuniy ish topish deyarli imkonsiz!” deyiladi xabarida.

 

Agar fuqarolar xorijdan ish topmoqchi boʻlsa, Migratsiya agentligiga yoki litsenziyaga ega xususiy bandlik agentliklariga murojaat qilishi zarurligi aytiladi.

 

Internetda taklif qilinayotgan boʻsh ish oʻrinlarini esa rasmiy manbalar orqali tekshirish tavsiya etiladi.

 

Quyidagi alomatlar mavjud boʻlsa, vakansiya “soxta tadbirkorlar” tomonidan tarqatilgan boʻladi:

▪️notanish shaxslar mavjud kompaniyalar nomidan ish taklifini yuborishadi;

▪️ishonchga kirish uchun rasmiy veb-saytlar, tashkilotlar logotiplari va hujjatlardan foydalanishadi;

▪️ish malakasi va xorijiy til bilish talabi yoʻqligini aytishadi;

▪️birinchi bosqichda hujjatlar tayyorlash uchun kamroq toʻlov soʻrashadi va biror bir sabab koʻrsatib, pullaringizni boʻlib-boʻlib oladi;

▪️elchixona viza toʻlovlari va bilet olishni bahona qilib, qoʻshimcha mablagʻ undiradi;

▪️biroz vaqt oʻtib, firibgarlar aloqaga chiqmay qoʻyishadi yoki “siz tanlagan variant boʻlmadi, xohlasangiz mana bunday variant bor, faqat unga qoʻshimcha toʻlov qilishingiz kerak” mazmunidagi aldov yoʻli bilan yana pul talab qiladi.

 

Eslatma! Internet orqali qandaydir kartalarga oʻtkazib berilgan mablagʻni qaytarib olish imkonsizdir.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//