Shavkat Mirziyoyev Fransiyaning Faxriy legion ordeni bilan taqdirlandi

Saqlash
08:41 / 13.03.2025 60 0

 

Oʻzbekiston Prezidentiga yuksak mukofotni Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron tantanali ravishda topshirdi.

 

Shavkat Mirziyoyevning Parijga tashrifi doirasida Fransiya poytaxtida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentini Fransiya Respublikasining oliy mukofoti – Faxriy legion ordeni bilan taqdirlash marosimi boʻlib oʻtdi.

 

Oʻzbekiston Prezidenti ikki mamlakat hamkorligini rivojlantirish, xalqlarimiz oʻrtasidagi doʻstlik va oʻzaro anglashuvni mustahkamlashga qoʻshgan ulkan hissasi uchun ushbu ordenga sazovor boʻldi.

 

Mamlakat yetakchisi mukofot uchun Fransiya rahbariga samimiy minnatdorlik bildirib, keyingi yillarda sermahsul hamkorlikda yuksak natijalarga erishilgani, ikki mamlakat munosabatlari strategik sheriklik darajasiga koʻtarilganini mamnuniyat bilan qayd etdi.

 

Faxriy legion ordeni 1802-yilda taʻsis etilgan boʻlib, Fransiyada ushbu orden alohida xizmatlarning davlat darajasida eʻtirof etilishi va shon-sharafning eng yuqori belgisi hisoblanadi.

 

Shundan so‘ng Fransiya Respublikasi Prezidenti Emmanuel Makron Yelisey saroyida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev sharafiga davlat qabul marosimini uyushtirdi.

 

Qabulda ikki mamlakat rasmiy delegatsiyalari, Fransiya Bosh vaziri Fransua Bayru boshchiligida Vazirlar Mahkamasi aʻzolari, taniqli madaniyat, sanʻat va fan arboblari, ishbilarmon doiralar va jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

 

 

Davlatimiz rahbari Emmanuel Makron va uning rafiqasi Brijit Makronga samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, bugun boʻlib oʻtgan muzokaralar tarixiy ahamiyatga ega ekanini, ularning natijasida mamlakatlarimiz oʻrtasidagi munosabatlar strategik sheriklik darajasiga koʻtarilganini mamnuniyat bilan qayd etdi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//