“Dilbarim” klipini suratga olishda yana bir fuqaro urib yuborilgan

Saqlash
15:46 / 12.03.2025 297 0
Foto: Gazeta.uz

Ozoda Nursaidovaning “Dilbarim” qoʻshigʻiga klip suratga olish jarayonida model Sabrina Jabborova hamkasbi, yaʼni klipda suratga tushayotgan qiz − voyaga yetmagan Sevinch Marufova tomonidan Gelendvagen avtomobilida urib yuborilgan va 2-marta bosib oʻtgan. Oqibatda modelning toz suyagi sinib, singan suyaklar bachadon va siydik pufagiga zarar yetkazgan.

 

Voqea 2024-yilning noyabr oyida sodir boʻlishiga qaramay, 2025-yilning 11-mart sanasida jabrlanuvchining instagram sahifasida maʼlum qilindi.

 

Unga koʻra, Sabrina Jabborovaga bir soat ichida birinchi yordam koʻrsatilmagan. Oqibatda aktrisa 3 litr qon yoʻqotgan. Keyinroq 4-sonli shahar kasalxonasiga olib borilgan va shifokorlar tomonidan toʻqqiz soat davomida jarrohlik amaliyoti oʻtkazilgan. Chanoq-son boʻgʻimidagi jarrohlik amaliyoti xatolik bilan oʻtkazilib, toz suyagi notoʻgʻri oʻrnatilgan. Buning oqibatida jabrlanuvchining chap oyogʻi oʻng oyogʻidan 7 sm uzunroq boʻlib qolgan. Shu tariqa, Sabrina nogiron boʻlib qolgan.

 

Taʼkidlashicha, voyaga yetmagan aktrisani suratga olish maydonchasiga rejissyor va prodyuser Ahad Qayum taklif qilgan, u aktrisaning haydovchilik qobiliyatini tasdiqlab, avtomobilni boshqarishga ruxsat bergan.

 

“Tasvirga olish tashkilotchilari va boshqa aybdorlar jabrlanuvchiga tegishli yordam koʻrsatmagan. Toʻrt oy davomida ular faqat 500 AQSh dollaridan toʻlashdi, buni suratga olishning texnik qoidalarini buzganlik uchun jarima deb hisoblashdi. Jabrlanuvchining onasi Sabrinani oyoqqa turgʻizish uchun yordam soʻraganida, u faqat quruq vaʼdalar va tahdidlar eshitdi. Unga voqea materiallari internetda tarqatilsa, jabrlanuvchiga yordam berish butunlay toʻxtatilishi aytilgan”, − deyiladi aktrisaning instagram sahifasidagi postda.

 

Sabrina Jabborova qayta koʻrikdan oʻtganida doktorlar u chet elda qayta operatsiya qilinsa koʻp qon yoʻqotishi mumkinligini, qolaversa, ijobiy natija boʻyicha 50x50 imkoniyat borligi, joriy holat saqlanib qolishi ham mumkinligini taʼkidlagan.

 

Toshkent shahar IIBB axborot xizmatining maʼlum qilishicha, suratga olish maydonchasida voyaga yetmagan shaxs rul boshqaruvida yana boshqa bir fuqaroga ham jarohat yetkazgan.

 

Voqea 2024-yilning 7-noyabr kuni soat taxminan 13:00 larda Mirzo Ulugʻbek tumani, Yangi Oʻzbekiston koʻchasida joylashgan avtoturargohlarning birida yuz bergan. Voyaga yetmagan 17 yoshli haydovchi S.M. Mercedes-Benz rusumli avtomashinada harakatlanib, 2 nafar piyodani (2003-yilda tugʻilgan Sabrina Jabborova hamda 2006-yilda tugʻilgan Sh. E.) urib yuborgan.

 

Jabrlanuvchilar shifoxonaga olib borilgan. Sudga oid tibbiy ekspertizaning xulosasiga koʻra, fuqaro Sh. E.ning holati ogʻirlik darajasi boʻyicha yengil tan jarohati, model Sabrina Jabborova esa ogʻir tan jarohati deb baholangan.

 

Hozirda holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 1-qismi (Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan. Hozirda dastlabki tergov harakatlari tamomlanib, tegishli tartibda sudga yuborish chorasi koʻrilmoqda.

 

Voyaga yetmagan shaxsning mashina boshqaruvni yoʻqotishi oqibatida sodir boʻlgan ushbu holat jamoatchilik tomonidan keskin qoralandi. Sabrinaning tarmoqdagi sahifasida qayd etilishicha, ruldagi voyaga yetmagan aktrisani suratga olish maydonchasiga rejissyor va prodyuser Ahad Qayum taklif qilgan. U aktrisaning haydovchilik qobiliyatini tasdiqlab, avtomobil boshqarishiga ruxsat bergan.

 

Qayd etilishicha, suratga olish jarayonini tashkillashtirgan tashkilotchilar va bu hodisada ayblanuvchi javobgar shaxslar tomonidan keraklicha yordam koʻrsatilmagan. Suratga olish jarayonida texnika xavfsizligi qoidalari buzilganligi uchun jabrlanuvchiga oʻtgan 4 oy davomida oyiga 500$ dan jarima sifatiga jabrlanuvchiga taqdim etilgan va ish 1 oy oʻtganligidan soʻng oxirgi jarima puli bilan yopilishini taʼkidlashgan.

 

Jabrlanuvchining onasi qizni oyoqqa turgʻizish maqsadida yordam soʻrab murojaat qilganida faqatgina quruq vaʼdalar va tahdidlarni javob sifatida eshitgan. Jabrlanuvchining onasiga agarda hodisa maʼlumot va materiallari ijtimoiy tarmoqda tarqatilsa hozirda koʻrsatilayotgan yordamdan mahrum boʻlishi taʼkidlangan. Tarmoqlarda Sabrinaga yordam soʻrab, haqiqat qaror topishini talab qilgan bir qator faollar oʻzlariga nisbatan tahdidlar boʻlayotgani haqida xabar bergan.

 

“Umid qilamizki, sizni qanchalik ishontirishga urinishmasin, arizangizdan voz kechmaysiz. Sizning oldingizga iltimos bilan, koʻz yosh bilan, pul yoki istalgan boshqa shakldagi bosim bilan kelishlari mumkin. Lekin hozir sizni butun mamlakat qoʻllamoqda. Sizning qaroringizga ushbu vaziyatdan ham koʻra koʻp narsa bogʻliq. Agar arizangizni qaytib olsangiz adolatsizlik boʻladi. Chunki bu bilan shu kabi voqealarga jim ketish mumkinligini koʻrsatgan boʻlasiz. Bu esa jazosiz qolish normaga aylangan xavfli pretsedentni yaratadi. Shuning uchun siz bu ishni hech qanday iltimoslarga qaramay oxiriga yetkazishingizga ishonamiz” − deb izoh qoldirdi foydalanuvchilardan biri.

 

“Menda bir savol bor. Mayli, Ozoda aybdor emas, rejissyor aybdor emas. Va aytaylik, bu qiz shantaj qilyapti, va h.k. va h.k. Lekin nima uchun voyaga yetmagan shaxsni rulga oʻtqizgan va haydovchilik guvohnomasisiz boshqaruvga oʻtirgan qizning oʻzi jazosiz qoldi? Nimaga? Oddiy odam ”prava“siz haydab qoʻysa shtraf, qoida buzsa shtraf, bu yerda haydovchilik guvohnomasisiz odam bosib ketyapti va hech nima boʻlmaganday yashab yuribdi. Buning uchun kim javob berishi kerak?” − deb yozadi yana bir foydalanuvchi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//