Axborotdan foydalanish va bolalar taʼlimi masalalari boʻyicha rezolyutsiyalar qabul qilindi

Saqlash
15:07 / 12.03.2025 51 0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 12-mart kuni Fransiyaga davlat tashrifi bilan bordi. Tashrif doirasida Prezident BMTning Taʼlim, fan va madaniyat masalalari boʻyicha tashkiloti (YUNESKO) bosh direktori Odri Azuleni qabul qildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

 

BMT tizimidagi ushbu tuzilma bilan samarali hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari, shuningdek, joriy yilning kuzida Samarqand shahrida tashkilot Bosh konferensiyasining 43-sessiyasiga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazishning amaliy jihatlari muhokama qilindi.

 

 

Oʻzbekiston tashabbusi bilan axborotdan foydalanish va bolalar taʼlimi masalalari boʻyicha rezolyutsiyalar qabul qilindi. Oʻzbekiston Madaniy boyliklarni saqlash va restavratsiya qilish boʻyicha xalqaro markazga aʼzo boʻldi. Buxoro “Kreativ shaharlar tarmogʻi”ga qoʻshildi. Samarqanddagi Ipak yoʻli universitetida YUNESKO kafedrasi ochildi. Oʻtgan yili taʼlim, madaniyat, raqamli va innovatsion texnologiyalar sohalarida 7 ta yangi loyihani amalga oshirish boshlandi.

 

Turon choʻllari va Zarafshon-Qoraqum yoʻlagi, ipakchilik, kulolchilik, rubob chalish va iftorlik anʼanalari, “Buxoro amiri devonxonasi arxivi”, “Turkiston albomi”, “Xudoybergan Devonov fotoalbomi” YUNESKOning maxsus roʻyxatlariga kiritildi.

 

Samarqand shahrida oʻtkazilishi rejalashtirilayotgan Bosh konferensiyaning 43-sessiyasi soʻnggi 40-yil ichida birinchi marta YUNESKOning Parij shahridagi qarorgohidan boshqa joyda oʻtkazilishi taʻkidlandi. Bu voqea tashkilotning 80-yilligiga toʻgʻri keladi.

 

Bosh direktor Odri Azule Oʻzbekiston bilan sermahsul hamkorlikni yuksak baholab, boʻlajak tadbirga keng koʻlamli tayyorgarlik koʻrilayotgani uchun Prezidentga minnatdorlik bildirdi.

 

Amaliy hamkorlik dasturlarini yanada kengaytirish, shuningdek, YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi doirasidagi forum va tadbirlarni tashkil etish boʻyicha yaqindan hamkorlikni davom ettirishga kelishib olindi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//