Ijara narxi 250 dollar boʻlgan narkolaboratoriyadan 9 mlrd 185 mln soʻmlik narkotik moddalar topildi

Saqlash
11:37 / 12.03.2025 51 0

Fargʻona tumanidagi xonadonlardan birida sintetik giyohvandlik vositalari narkolaboratoriyasi aniqlandi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.

Narkolaboratoriya Davlat xavfsizlik xizmatining Fargʻona viloyati boʻyicha boshqarmasi xodimlari tomonidan bojxona va ichki ishlar organlarini jalb qilgan holda oʻtkazilgan tezkor tadbirda aniqlangan. Margʻilon shahrida yashovchi, 1990 va 2001-yillarda tugʻilgan 3 nafar shaxs mazkur xonadonni oyiga 250 AQSH dollaridan ijaraga olib, u yerda giyohvandlik vositalari tayyorlash bilan shugʻullangan.

Tekshiruv davomida, ushbu manzildan 8 kg. 185 gr. Alfa-PVP, 4 kg. 209 gr. “Spays”, 427 gr. “Mefedron” sintetik narkotik moddalar hamda ularni tayyorlashda kerak boʻladigan 12 kg. 326 gr. maxsus suyuqlik va 13 kg. 925 gr. tamaki mahsulotlari ashyoviy dalil sifatida olingan.

 

Ekspertiza xulosasiga koʻra, tezkor tadbir davomida olingan jami 12 kg. 821 gr. sintetik narkotik moddalarning qora bozordagi bahosi 9 mlrd. 185 mln. soʻmni tashkil etadi.

Tergovga qadar tekshiruv davomida aniqlanishicha, qonunbuzarlar internet tarmogʻi orqali giyohvandlik vositalarini sotish bilan shugʻullanuvchi jinoiy guruh aʼzolari tomonidan “zakladka” usulida yetkazib berilgan xom-ashyo mahsulotlari asosida narkotik moddalar tayyorlab, viloyatda belgilangan xufiya joylarga qoldirib, ularning geolokatsiyasini jinoiy guruh aʼzolariga yuborib turishgan.

Buning evaziga uchala shaxsning har biri haftasiga kriptovalyuta koʻrinishida 500 AQSH dollaridan maosh olgan. Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining 273-moddasi 4-qismi “b” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, qamoq ehtiyot chorasi qoʻllanildi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//