“Open byudjet”ga deb oʻqituvchilardan 700 ming soʻmdan pul yigʻgan direktor ishdan olindi

Saqlash
09:27 / 12.03.2025 127 0

Tarmoqlarda Fargʻona viloyatining Quva tumanidagi maktablardan birida “Tashabbusli byudjet” uchun har bir oʻqituvchining oylik maoshidan 700 ming soʻm miqdorida pul olib qolinmoqchi boʻlgani haqida xabarlar tarqaldi. Maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri Hilola Umarova hozirda tegishli maktab direktori mazkur qilmishi uchun ishdan olingani haqida xabar berdi.

 

Vazir soʻngi yillarda maktab oʻqituvchilari, maktabgacha taʼlim tizimi xodimlarini oʻz faoliyatidan boshqa ishlarga jalb qilish, ortiqcha va asossiz yigʻdi-yigʻdilarga qarshi kurashilayotgani, bu boʻyicha murojaatlar nisbatan kamayganini qayd etarkan, tizimda jamoaga notoʻgʻri talab qoʻyib, turli maqsadda pul yigʻish topshirigʻini berayotgan masʼullar ham uchrayotganini taʼkidlaydi va Quva tumanidagi holatga toʻxtaladi:

 

“Yaqinda Quva tumanidagi maktablarning birida oʻqituvchilarning oylik maoshidan “open byudjet”da ovoz yigʻish uchun 700 ming soʻmdan ushlab qolishni talab qilgan direktor bilan mehnat shartnomasini bekor qildik. Bugun “Tashabbusli byudjet” loyihalari uchun ovoz berish bosqichi boshlandi. Bu loyiha qisqa muddatda ochiqlik, fuqarolarning byudjet jarayonida ishtirokini oshirishga xizmat qilishi bilan eʼtiborga tushdi. Bu ijobiy islohotlarga oʻqituvchi, taʼlim xodimlarini majburiy ovoz berishga jalb etish, ular maoshidan pul yigʻishlar bilan soya solmaylik" − deydi Hilola Umarova.

 

Vazir pedagoglarni ularning vazifasiga kirmaydigan ishlarga jalb qilish, turli maqsadlar uchun mablagʻ yigʻish kabi holatlar bilan hech qachon murosa qilinmasligini aytib, bu borada pedagoglar ham "jim turmasligigni" soʻragan:

 

“Hurmatli pedagoglar agar siz shu kabi holatlarga duch kelsangiz vazirlikka murojaat qiling, biz har bir holatni oʻrganamiz, oʻqituvchi va MTT xodimlari manfaatini himoya qilamiz!” − deya xabarga yakun yasaydi vazir.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//