Bugun Shavkat Mirziyoyev Fransiyaga boradi

Saqlash
09:16 / 11.03.2025 211 0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Fransiya yetakchisi Emmanuel Makronning taklifiga binoan 11-13-mart kunlari davlat tashrifi bilan ushbu mamlakatda boʻladi.

 

Xabarda tashrif doirasida Parij shahrida oliy darajadagi muzokara va tadbirlar, Fransiyaning rasmiy va ishbilarmon doiralari bilan qator uchrashuvlar oʻtkazilishi rejalashtirilgani aytiladi.

 

Shuningdek, kun tartibidan koʻp qirrali Oʻzbekiston-Fransiya munosabatlarini yanada rivojlantirish va mustahkamlash masalalari ham oʻrin olgan.

 

Jumladan, muloqotlarda savdo-iqtisodiy va investitsiya-moliyaviy sohalarda oʻzaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish, Fransiyaning yetakchi kompaniya va korxonalari bilan kooperatsiya loyihalarini ilgari surishga ustuvor eʼtibor qaratiladi.

 

Sammit yakunida hukumatlararo va idoralararo bitimlar toʻplamini qabul qilish koʻzda tutilgan.

 

Bundan tashqari, Shavkat Mirziyoyev YUNESKO Bosh direktori Odri Azule bilan uchrashib, tashkilot Bosh konferensiyasining 43-sessiyasiga tayyorgarlik koʻrish va uni joriy yilning kuzida Samarqand shahrida oʻtkazishning amaliy jihatlarini muhokama qiladi.

 

Maʼlumot uchun, shu kunlarda Parij shahrida sogʻliqni saqlash, fan va taʼlim, madaniyat, turizm va biznes sohalarida forum va anjumanlar oʻtkazilmoqda. Tuluza, Lion va Nissada esa qoʻshma ishbilarmonlik tadbirlari boʻlib oʻtadi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//