Toshkentda ijara narxi oʻtgan yilgiga nisbatan pasaydi — ITIM

Saqlash
15:49 / 06.03.2025 71 0

 

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi Oʻzbekistonda yanvar oyidan boshlab koʻchmas mulk bozoridagi faollik tiklanayotganini qayd etdi.

 

Oy davomida oldi-sotdi shartnomalari soni 25,5 mingtani tashkil etib, 2024-yilning yanvariga nisbatan 17,4 foizga koʻpaygan.

 

Yil boshidan koʻchmas mulk oldi-sotdi dinamikasi ayrim hududlarida ijobiy tendensiyani koʻrsatmoqda. Eng sezilarli oʻsish Jizzax viloyatida qayd etilib, sotuvlar 44 foizga oshgan, shuningdek, Navoiy viloyatida ham koʻrsatkich 36 foizga oʻsgan. Toshkent shahri koʻchmas mulk bozori umumiy hajmining 28 foizini tashkil etib, poyxtaxda bitimlar soni 18 foizga oʻsgan.

 

Ikkilamchi bozordagi uy-joylar narxi

 

Yanvarda respublika boʻyicha ikkilamchi uy-joy narxlari oʻrtacha 0,3 foizga oshib, oʻtgan yilga nisbatan 4,6 foizga oʻsdi.

 

Yillik hisobda hududlar kesimida uy-joy narxlarining yuqori oʻsishi Surxondaryo (11,4 foiz), Jizzax (10,4 foiz) va Fargʻona (8,4 foiz) viloyatlarida kuzatildi.

 

Oy davomida Toshkent shahrida oʻrtacha uy-joy narxi deyarli oʻzgarmadi. Poytaxt tumanlari kesimida narxlar pasayishi Sergeli (-1,8 foiz), Yunusobod (-1,7 foiz) va Mirzo Ulugʻbekda (-1,5 foiz) qayd etilgan. Yillik hisobda Toshkent shahrida uy-joy narxi 2,3 foizga pasaygan.

 

Uy-joy ijarasi

 

Yanvarda Toshkent shahridagi ijara bozorida faollik biroz pasaydi. Oʻrtacha ijara narxi bir kvadrat metr uchun 8,1 dollarni tashkil etdi.

 

Poytaxtning Mirobod, Shayxontohur va Yakkasaroy tumanlarida ijara narxi yuqoriligicha qolmoqda. Bu tumanlarda ijara narxi bir kvadrat metr uchun oʻrtacha 10 dollarni tashkil etadi.

 

Qayd etilishicha, poytaxtda ijara narxi oʻtgan yilga nisbatan 10,7 foizga pasaygan. Eng katta pasayish Chilonzor (17,4 foiz), Olmazor (16,7 foiz) va Yashnobod (14,3 foiz) tumanlarida qayd etilgan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//