Sogʻlom raqobat boʻlgani uchun 2024-yilda 14 trillion soʻm byudjet mablagʻi tejalgan

Saqlash
11:11 / 05.03.2025 181 0

Ayni damda Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida korrupsiyaning oldini olish boʻyicha ishlar natijadorligi va kelgusidagi ustuvor vazifalarga bagʻishlangan kengaytirilgan yigʻilish oʻtkazilmoqda. Unda mamlakatdagi korrupsiya xolatlarining oldini olish, unga qarshi kurashishga qaratilgan tizimlar va tegishli qonunlar muhokama qilindi.

 

Prezident bu borada qilingan ishlarga baʼzi misollarni keltirdi.

 

Qayd etilishicha, davlat xaridlari boʻyicha qonun qabul qilingani, tanlov va tender raqamlashib, sogʻlom raqobat boʻlgani uchun oʻtgan yili 14 trillion soʻm byudjet mablagʻi tejalgan.

 

“Fuqarolar kredit olish uchun koʻplab toʻsiq va gʻovlarni yengib oʻtishi kerak edi. Bugunga kelib barcha banklar 100 million soʻmgacha maishiy kreditlarni inson omilisiz 5 daqiqa ichida onlayn bermoqda. Natijada oldin bu ish bilan shugʻullangan minglab bankirlar endi mahallaga tushib, odamlarga loyiha, kredit taklif qilib, mijozini koʻpaytirish ustida ishlayapti” – deydi Shavkat Mirziyoyev.

 

Prezident shuningdek, odamlar bolasini maktab yoki bogʻchaga joylashtirishda sarson boʻlgani, ishini “boshqa yoʻllar” bilan hal qilishga toʻgʻri kelganini eslatib oʻtdi. Oʻtgan davrda maktabgacha va maktab taʼlimi tizimida 10 dan ortiq xizmat turlari toʻliq elektron shaklga oʻtkazilgan. Tegishli murojaatlar soni boʻlsa, 2,5 karraga kamaygan.

 

“Bundan 7-8-yil avval oliygohlarga oʻqishga kirishda “tanish-bilishchilik” avj olgan edi. Soha raqamlashdi, imtihonlar onlayn translyatsiya boʻlayapti. Avval test topshirib, toʻplagan balliga qarab, keyin oliygohni tanlash tizimi joriy qilindi” – deydi Prezident.

 

Shuningdek, oliy taʼlimda 35 turdagi hujjatlarni inson omilisiz olishga oʻtilgani uchun sohadagi murojaatlar 2,2 baravar kamaygani qayd etildi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//