Bir qator davlat xizmatchilari QQS keshbeklaridan milliardlar oʻmargan

Saqlash
10:46 / 05.03.2025 204 0

Davlat xavfsizligi xizmati soliq xodimlari tomonidan QQS keshbeklaridan milliardlar oʻgʻirlangani haqida maʼlum qildi.

 

Unga koʻra, 2020—2023-yillar davomida 8 ta soxta korxonalar tashkil qilinib, xorijga soxta eksport qilingan mebel maxsulotari uchun qaytarilishi belgilangan 15 % QQS salbiy farq summasini asossiz qaytarib olish orqali jami 24 milliard 580 million soʻm byudjet mablagʻlari talon-taroj qilingan. Bunda 17 nafar soliq idoralari xodimlari, 1 nafar bojxona organi xodimi, 1 nafar bank xodimi, 1 nafar tuman hokimining birinchi oʻrinbosari va 18 nafar tadbirkorlik subyektlarining mansabdor shaxslaridan iborat uyushgan jinoiy guruh ishtirok etgan.

 

Guruh faoliyatini soliq idoralarining sobiq xodimi muvofiqlashtirib borgan va aynan mazkur shaxs norasmiy rahbarlik qilgan korxonalar Namangan viloyati Yangiqoʻrgʻon tumanida roʻyxatdan oʻtgan boʻlsada, ularning yuridik manzillari asossiz ravishda tez-tez oʻzgartirilib, ularga rasmiy rahbar sifatida ishga aloqador boʻlmagan shaxslarning nomlari kiritilgan. Shuningdek, korxonalarning faoliyat turi sifatida mebel ishlab chiqarish bilan shugʻullanish belgilangan boʻlsada, aslida ular hech qanday ishlab chiqarishni amalga oshirishmagan.

 

Bundan tashqari, hisobot hujjatlarida goʻyoki ishlab chiqarilgan tayyor mahsulotlar Qirgʻiziston Respublikasiga eksport qilinganligi aks ettirilgan.

 

Lekin, tekshiruvlar jarayonida eksport operatsiyalari amalga oshirilmaganligi, korxonalarning muhrlari uyushgan guruh tomonidan soxtalashtirilganligi va eksport shartnomalari shakllantirilganligi hamda davlat byudjetidan yuqorida koʻrsatilgan qoʻshilgan qiymat soligʻi pul mablagʻlari noqonuniy qaytarib olinganligi aniqlandi.

 

Tergov davomida 6 mlrd. 808 mln. soʻm davlat hisobiga undirildi. Shuningdek, yetkazilgan zararni qoplash uchun 6 mlrd. 300 mln. soʻmlik mol-mulk, jumladan 1 ta koʻp qavatli xususiy tibbiy klinika binosi, 1 ta avtomobillar yuvish shahobchasi, 2 ta xonadon, 6 ta avtomashina hamda telefon va kompyuter jihozlari xatlandi.

 

Jinoyat ishlari boʻyicha Mirzo Ulugʻbek tuman sudi tomonidan 38 nafar sudlanuvchilarning 14 nafariga 5-yil 6 oydan 7-yil 6 oy muddatgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

 

Shuningdek, 18 nafar shaxsga nisbatan turli muddatlarga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanib, ularga 2-yil muddat ichida yetkazilgan moddiy zararni qoplash majburiyati bilan 3-yil sinov muddati tayinlandi.

 

Bundan tashqari, sudlanuvchilarning 6 nafariga nisbatan 2-yildan kam boʻlmagan muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//