Oʻzgidromet hafta davomida kuzatiladigan ob-havo maʼlumotini eʼlon qildi

Saqlash
13:25 / 03.03.2025 244 0

Foto: Gazeta.uz

 

Oʻzgidromet 3–7-mart kunlari uchun ob-havo maʼlumotini eʼlon qildi.

 

Unga koʻra, bugun, 3-mart kuni respublikaning katta qismida qor yogʻishi davom etadi. Harorat 0– -5 daraja sovuq atrofida boʻladi.

 

Kunning ikkinchi yarmida Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Xorazm viloyatida qor yogʻishi toʻxtaydi.

 

4-mart kuni Oʻzbekistonning barcha viloyatlarida yogʻingarchiliksiz ob-havo boʻlishi kutilmoqda. Faqat respublikaning ayrim togʻli hududlarida biroz qor yogʻishi mumkin.

 

Kechasi va ertalab sovuq antisiklon taʼsiri saqlanib turadi. Harorat -2– -7 daraja sovuq atrofida boʻladi. Kunduzi antisiklon respublika hududidan asta-sekin chekina boshlaydi. Harorat +4– +7 daraja iliqqacha koʻtariladi.

 

“Ammo bu mart oyi boshi uchun meʼyordan nisbatan pastdir”, deyiladi xabarda.

 

Respublikaning ayrim joylariga tuman tushishi mumkin.

 

5-6-mart kunlari Oʻzbekistonning barcha hududlari boʻyicha yogʻingarchiliksiz ob-havo boʻlishi kutilmoqda.

 

7-mart kuni respublika boʻyicha baʼzi joylarda (Fargʻona vodiysidan tashqari) yana yomgʻir koʻrinishidagi yogʻingarchilik boʻlishi kutiladi. Faqat Oʻzbekistonning shimolida – Ustyurtda va Orol boʻyi hududlarida yomgʻir qorga aylanishi mumkin. Hafta oʻrtasidan harorat jadal koʻtarila boshlaydi. Jumladan, 6-7-mart kunlariga kelib, harorat kechalari +5– +8, kunduz kunlari +14– +17, janubda esa +20– +22 daraja iliqqacha koʻtariladi.

 

3- va 7-mart kunlari respublika boʻyicha baʼzi joylarda shamol tezligi 17–22 m/s gacha kuchayadi. Ayrim joylarda baʼzida 23–25 m/s gacha kuchayishi mumkin.

 

Toshkent shahrida 3-mart kuni vaqti-vaqti bilan qor yogʻadi. Harorat 0– -2 daraja sovuq boʻladi.

 

4–6-mart kunlari poytaxtda hududida yogʻingarchilik kutilmaydi. 7-martda kechga tomon yomgʻir yogʻishi mumkin. Harorat 4-mart kechasi -3– -5 daraja sovuq, kunduzi +5– +7 daraja iliq boʻladi. 5–7-martda harorat kechalari +4– +7, kunduz kunlari +14– +17 daraja iliqqacha koʻtariladi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//