Endi ayrim pedagoglar attestatsiyadan ozod etiladi

Saqlash
10:58 / 03.03.2025 370 0

Vazirlar Mahkamasining qarori bilan Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalarga koʻra, 2025-yil 1-sentyabrgacha malaka toifasini berish tartibi bir qator bosqichlarda amalga oshiriladi.

 

Jumladan, navbatdagi majburiy attestatsiyaga jalb etilmagan, shuningdek, attestatsiyadan oʻtganlik muddati tugagan va amaldagi malaka toifasi saqlanib qolgan quyidagi pedagoglar sentyabr oyigacha majburiy attestatsiyaga jalb etilmaydi hamda ularga amaldagi malaka toifasi (lavozimi) boʻyicha haq toʻlanadi:

▪️ oliy malaka toifasiga (bosh oʻqituvchi lavozimiga) ega boʻlganidan soʻng ushbu toifani (lavozimni) 15-yil davomida saqlab kelgan va uzluksiz ish stajiga ega boʻlgan;

 

▪️ pedagogik faoliyat boʻyicha 25-yil va undan koʻp ish stajiga ega boʻlgan;

 

▪️ yoshga doir pensiyaga chiqishi uchun 5-yildan koʻp boʻlmagan vaqt qolgan;

 

▪️ pedagogik faoliyat bilan shugʻullanayotgan pensiya yoshiga toʻlgan pedagoglar.

 

Quyidagi talablardan biriga javob beradigan pedagoglarga esa toʻgʻridan-toʻgʻri malaka toifasi (lavozimi) beriladi:

▪️ pedagogik faoliyat boʻyicha 25-yil va undan koʻp ish stajiga ega boʻlgan pedagoglarga – ularning amaldagi malaka toifasi (lavozimi);

 

▪️ yoshga doir pensiyaga chiqishi uchun 5-yildan koʻp boʻlmagan vaqt qolgan pedagoglarga – ularning amaldagi malaka toifasi (lavozimi);

 

▪️ oliy malaka toifasiga (bosh oʻqituvchi lavozimiga) ega boʻlganidan soʻng ushbu toifani (lavozimni) 15-yil davomida saqlab kelgan va uzluksiz ish stajiga ega boʻlgan pedagoglarga – oliy malaka toifasi (bosh oʻqituvchi lavozimi).

 

Bundan tashqari, hujjatda yana bir qator jihatlar nazarda tutilmoqda. Bular:

 

🔹taʼlim tashkilotlarida faoliyat yuritayotgan musiqa madaniyati va jismoniy tarbiya fani pedagoglari, pensiya yoshidagi pedagoglar hamda oliy maʼlumotga ega boʻlmagan pedagoglarni attestatsiyadan oʻtkazish;

 

🔹Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi tizimida faoliyat yuritayotgan malakali pedagog kadrlar va ilgʻor xodimlarni ragʻbatlantirish;

 

🔹Maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri jamgʻarmasi faoliyatini takomillashtirish.

 

 

Kiritilgan oʻzgartirishlarga binoan, oliy maʼlumotli boʻlmagan pedagoglarga malaka toifalari berilmaydi. Ular 55 ball va undan yuqori koʻrsatkichga ega boʻlsa, attestatsiyadan oʻtgan hisoblanadi va lavozimi saqlanadi. Agar 55 balldan kam koʻrsatkich qayd etsa, attestatsiyadan oʻtmagan, oʻqituvchi lavozimiga muvofiq emas deb topiladi.

 

Bundan tashqari, ish beruvchi mehnat shartnomasini bekor qilmagan taqdirda, navbatdagi majburiy attestatsiyadan oʻta olmagan oliy maʼlumotga ega boʻlmagan hamda mutaxassis (yaʼni, oliy maʼlumotli oʻqituvchi) lavozimidagi pedagog kadr navbatdan tashqari attestatsiyaga koʻpi bilan ketma-ket ikki marta jalb etiladi.

 

Mabodo ularning birontasida ham oʻta olmasa yoki uzrli sababsiz (masalan, kasallikka chalinish oqibatida mehnatga qobiliyatsizlik davrida hamda davlat yoki jamoat vazifalarini bajarganligidan tashqari hollarda) attestatsiyada ishtirok etmagan pedagog kadr bilan tuzilgan mehnat shartnomasi mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda xodimning malakasi yetarli boʻlmaganligi sababli bekor qilinadi.

 

Bu turdagi kadrlarni navbatdan tashqari attestatsiyaga jalb etishga pedagoglar faoliyat koʻrsatayotgan taʼlim tashkilotining rahbari shaxsan javobgar boʻladi.

 

Bordi-yu malaka yetishmasligi sababli mehnat shartnomasi bekor qilinsa, bunday pedagoglar oʻz xohishi bilan navbatdan tashqari kasbiy sertifikatlash sinovida ishtirok etib, sertifikatni qoʻlga kiritgan holdagina yana pedagog sifatida ishga qabul qilishini mumkin.

 

Maʼlumot uchun, endi nodavlat taʼlim tashkilotlarida ishlayotgan pedagog kadrlarini ham attestatsiyadan oʻtkazish va malaka toifasini berish amaliyoti yoʻlga qoʻyiladi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//