Shoir Bahodir Iso vafot etdi

Saqlash
10:36 / 25.02.2025 114 0

Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan yoshlar murabbiysi, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi, shoir Bahodir Iso 69 yoshida olamdan oʻtdi.

 

Maʼlumot uchun, shoir 1956-yilda Rishton tumanidagi Doʻtir qishlogʻida tavallud topgan. 1977-yildan Rishton tumanida oʻrta maktablarda oʻqituvchi, Madaniyat uyida rassom, tuman Maʼnaviyat targʻibot markazi rahbari, viloyat hokimligining “Fargʻona haqiqati” gazetasida adabiy xodim, FarDU sanʼatshunoslik kafedrasida oʻqituvchi kabi vazifalarda mehnat qilgan.

 

Marhum shoir, jurnalist sifatida tuman, viloyat, respublika gazeta va jurnallari orqali elga tanilgan. “Odamlar ichidan odam izladim” (2005), “Yaxshilar bor yaxshiyam” (2008), “Otam kutgan kunlar” (2013), “Muhammad Yusuf” (2014), “Kuy tili” (2015), “Qishloqdagi shoir” (2016) nomli sheʼriy toʻplamlari qoʻlma-qoʻl oʻqilib, zamonaviy oʻzbek adabiyotining durdonalari safidan joy olgan.

 

U oʻzbek sanʼati rivojiga ham munosib hissa qoʻshgan. Jumladan, taniqli xonandalar tomonidan uning koʻplab sheʼr va gʻazallari qoʻshiqqa aylantirilgan.

 

Oyina.uz marhumning oilasi va yaqinlariga chuqur hamdardlik bildiradi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//