Endi jinoyatdan jabrlanganlarga nafaqa to‘lanadi

Saqlash
15:57 / 24.02.2025 52 0

Hukumat qarori bilan “Jabrlanuvchilarni, guvohlarni va jinoyat protsessining boshqa ishtirokchilarini ijtimoiy himoya qilishni taʼminlash tartibi” toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi.

 

Unga koʻra, endi jabrlanuvchilar, guvohlar va jinoyat protsessining boshqa ishtirokchilariga ijtimoiy himoyani taʼminlashga qaratilgan nafaqa turi tayinlanadi va ularga bir yoʻla toʻlab beriladi.

 

Bunda Ijtimoiy himoya milliy agentligi ijtimoiy himoya qilish choralarini taʼminlovchi organ hisoblanadi.

 

Hujjatga binoan, quyidagilar himoya qilinuvchi shaxsga jinoyat protsessida ishtirok etishi munosabati bilan ijtimoiy himoya qilish choralarini qoʻllashga asos boʻladi:

▪️ halok boʻlganligi (vafot etganligi);

▪️ unga nogironlikni keltirib chiqaruvchi tan jarohati yetkazilganligi yoki sogʻligʻiga boshqacha ziyon yetkazilganligi;

▪️ unga nogironlikni keltirib chiqarmaydigan tan jarohati yetkazilganligi yoki sogʻligʻiga boshqacha ziyon yetkazilganligi;

▪️ mulkiy zarar yetkazilganligi.

 

Bir yoʻla beriladigan nafaqaning miqdori quyidagicha boʻladi:

➖ shaxs vafot etganda uning oila aʼzolari har biriga teng ulushda — BHMning 100 baravari (37 mln 500 ming soʻm) miqdorida;

 

➖ shaxsga nogironlikni keltirib chiqaruvchi tan jarohati yetkazilgan yoki sogʻligʻiga boshqacha ziyon yetkazilganda, nogironlik guruhiga koʻra:

▪️I guruh — BHMning 80 baravari (30 mln soʻm) miqdorida;

▪️II guruh — BHMning 70 baravari (26 mln 250 ming soʻm) miqdorida;

▪️III guruh — BHMning 50 baravari (18 mln 750 ming soʻm) miqdorida.

 

➖ nogironlikni keltirib chiqarmaydigan tan jarohati yetkazilganda yoki sogʻligʻiga boshqacha ziyon yetkazilganda esa, sud-tibbiy ekspertizasining xulosasi asosida:

▪️ogʻir daraja — BHMning 35 baravari (13 mln 125 ming soʻm) miqdorida;

▪️oʻrta daraja — BHMning 35 baravari (13 mln 125 ming soʻm) miqdorida;

▪️sogʻliqning qisqa muddatga yomonlashuviga olib kelgan yengil daraja — BHMning 25 baravari (9 mln 375 ming soʻm) miqdorida.

 

Ijtimoiy himoya choralarini qoʻllash toʻgʻrisidagi qaror (ajrim) uni taʼminlovchi organ tomonidan uni olgan kundan boshlab, 10 sutka ichida ijro etilishi lozimligi belgilandi.

 

Maʼlumot uchun, bir yoʻla beriladigan nafaqa soliqqa tortilmaydi va undan ushlab qolishlar amalga oshirilmaydi.

 

Ushbu qaror 2025-yil 1-apreldan eʼtiboran kuchga kiradi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//