Faxriy donorlarga 5 mln soʻmdan ortiq pul mukofoti beriladi

Saqlash
12:33 / 24.02.2025 24 0

Senatning yalpi majlisida donorlikka oid qonun muhokama qilindi.

 

Taʼkidlanishicha, ushbu hujjat bilan bir qator yangiliklar joriy etilmoqda. Jumladan, “Oʻzbekiston Respublikasi faxriy donori” koʻkrak nishoni bilan taqdirlangan shaxs uchun bir yoʻla beriladigan pul mukofoti BHMning 15 baravari – 5 mln 625 ming soʻm etib belgilanmoqda (oldin BHMning 5 baravari – 1 mln 875 ming soʻm miqdorida boʻlgan).

 

Shuningdek, mazkur koʻkrak nishoni bilan taqdirlangan donorlarga oʻzlari uchun qulay boʻlgan vaqtda har yilgi mehnat taʼtiliga chiqish, shahar yoʻlovchilar transportidan (yoʻnalishli va yoʻnalishsiz taksilardan tashqari) bepul foydalanish, sanatoriy-kurortlarda davolanish uchun yoʻllanmalarni navbatsiz olish huquqi beriladi.

 

Bundan tashqari, mahalliy davlat hokimiyati organlariga oʻz vakolatlari doirasida aholi orasida begʻaraz donorlik madaniyatini shakllantirish, uni keng jamoatchilik ishtirokida rivojlantirish, donorlarga sifatli xizmatlar koʻrsatish va ular uchun qulay shart-sharoitlar yaratish choralarini koʻrish kabi vazifalar yuklatilmoqda.

 

Senatorlar ushbu qonun donorlarni qoʻllab-quvvatlash va ragʻbatlantirishning qoʻshimcha huquqiy asoslarini yaratish orqali aholi orasida begʻaraz donorlik madaniyatini shakllantirishga xizmat qilishini bildirgan.

 

Hujjat senatorlar tomonidan maʼqullangan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//