Ibn Sinoning ustozi yozgan asar qayta tiklanmoqda

Saqlash
11:42 / 24.02.2025 27 0

Abu Ali ibn Sinoga ustozlik qilgan Abu Mansur Hasan ibn Nuh Qumriyning tibbiyotga oid asari qoʻlyozmasi faksimilesi tayyorlanmoqda. Islom sivilizatsiyasi markazi matbuot xizmatining maʼlum qilishicha, tayyor boʻlgan nusxa markaz ekspozitsiyasiga joylashtiriladi.

 

Maʼlumot uchun, Abu Mansur al-Qumriy X asrda Buxoroda yashagan boʻlib, tibbiyot sohasidagi yetuk mutaxassislardan biri boʻlgan.

 

U Buxoro amirlari saroyida tabib sifatida faoliyat yuritgan va yosh Ibn Sinoning ustozi boʻlgan.

 

 

Qumriyning sakkizta tibbiy asar yozgani maʼlum, ammo ulardan ikkitasi bizgacha yetib kelgan. Jumladan, uning “Kitob al-gʻina val-muna” asari inson tanasining barcha aʼzolarini davolashga bagʻishlangan boʻlib, koʻplab nufuzli kutubxonalarda 70 ga yaqin qoʻlyozma nusxalari mavjud.

 

Qumriyning ikkinchi mashhur asari “Tibbiy istilohlarni yorituvchi kitob”dir. U tibbiy lugʻat shaklida boʻlib, unda 350 dan ortiq tibbiy atamalar izohlangan.

 

Bu asarda oʻsha davr tibbiyotida ishlatilgan parhez taomlar, ichimliklar va maxsus moslamalar haqidagi maʼlumotlar ham keltirilgan.

 

Asarning lugʻati XIV asrda Ismoil ibn Yusuf tomonidan fors tiliga tarjima qilingan.

 

Taʼkidlanishicha, Qumriyning ilmiy merosi bugungi kunda ham tibbiyot sohasida qimmatli manba hisoblanadi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//