Prezident Navro’z bayramini nishonlashga doir qarorni imzoladi

Saqlash
10:58 / 24.02.2025 321 0

Prezident qaroriga binoan, 2025-yilgi Navroʻz umumxalq bayrami “Qadriyatlaring boqiy boʻlsin, Navroʻz!” degan bosh gʻoya asosida umumxalq sayillari shaklida keng nishonlanadi.

 

Bayramni yuqori saviyada oʻtkazish maqsadida gʻoyaviy-badiiy konsepsiya maʼqullangan boʻlib, bayramga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish boʻyicha tashkiliy qoʻmita ham tasdiqlangan.

 

Hujjat yozilishicha, bu yilgi Navroʻz bayrami muqaddas Ramazon oyida nishonlanishini inobatga olib, keksa avlod vakillarini, xususan, Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va mehnat fronti faxriylarini har tomonlama eʼzozlash, “Mehribonlik”, “Saxovat” va “Muruvvat” uylarida yashayotgan shaxslar, ijtimoiy himoya daftarlariga kiritilgan va koʻmakka muhtoj insonlarning holidan xabar olish maqsadida, ular uchun bayram dasturxoni yoziladi hamda turli xayriya tadbirlari oʻtkaziladi.

 

Shuningdek, “Yashil makon” umummilliy loyihasida belgilangan tadbirlarni amalga oshirish, bayram arafasida barcha hududlarda, koʻcha, mahalla, tuman va shaharlarda obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish aksiyalarini, umumxalq hasharlarini oʻtkazishga ham alohida eʼtibor qaratiladi.

 

Umumxalq sayillari uyushtiriladigan asosiy maydonlar, koʻcha va xiyobonlar milliy uslubda bayramona bezatiladi.

 

Bayram tadbirlari doirasida har bir hududga xos boʻlgan xalq oʻyinlari, tomoshalar, koʻrgazmalar oʻtkazish, bahoriy taomlar sotiladigan ochiq oshxonalar tashkil qilinadi.

 

Toshkent shahridagi “Yangi Oʻzbekiston” majmuasida esa alohida dastur asosida xalq sayillari tashkil etiladi.

 

Xarajatlar Toshkent shahrida oʻtkaziladigan tadbirlar uchun respublika byudjeti va Toshkent shahri mahalliy byudjeti mablagʻlari hisobidan (teng ulushlarda), Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarda boʻlsa tegishli mahalliy byudjetlar hamda homiylik xayriyalari hisobidan qoplanadi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//