Chiqindidan qarzdorlikni bartaraf etish boʻyicha zamonaviy tizim joriy etilmoqda

Saqlash
09:32 / 24.02.2025 104 0

Senatning navbatdagi yalpi majlisida senatorlar tomonidan “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga chiqindilarni toʻplash va olib chiqish xizmatlarini koʻrsatish sohasida toʻlov intizomini mustahkamlashga qaratilgan qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun koʻrib chiqildi.

 

Taʼkidlanishicha, bugungi kunda chiqindi sohasida koʻrsatilgan xizmatlar uchun toʻlovlarning oʻz vaqtida amalga oshirilmasligi natijasida debitor qarzdorlik keskin oshib bormoqda.

 

Maʼlumotlarga koʻra, tizimda 600 mlrd soʻmlik debitor qarzdorlik mavjud. Bu esa bir qator muammolarga sabab boʻlmoqda, xususan, tegishli tashkilotlarning asosiy fondlarini yangilash va xizmatlar sifatini oshirishga investitsiya kiritishga, sohaga tadbirkorlik subyektlari va xususiy sektor vakillarini keng jalb qilishga toʻsqinlik qilmoqda.

 

Bugunga qadar toʻlovlarni oʻz vaqtida amalga oshirmagan abonentlarga nisbatan faqat sud tartibida chora koʻrilar va bu jarayon uzoq davom etardi. Yangi Qonun bilan esa ovoragarchilik va murakkabliklarga chek qoʻyilmoqda.

 

Qonun bilan Fuqarolik va Uy-joy kodekslari, “Raqobat toʻgʻrisida”gi va “Elektr energetikasi toʻgʻrisida”gi qonunlarga qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritilmoqda.

 

Unga koʻra, qattiq maishiy chiqindilarni toʻplash va olib chiqish xizmatlari uchun majburiy toʻlovlar boʻyicha qarzdorligi mavjud boʻlgan isteʼmolchilarga qisqa xabar (SMS) yuboriladi. Shundan soʻng mazkur qarzdorlik bartaraf etilguniga qadar isteʼmolchidan elektr energiyasi uchun toʻlovlarni qabul qilish vaqtinchalik cheklanadi. Bunda xizmat koʻrsatuvchi tuzilmalar toʻlovlarning ishonchli hamda toʻgʻri hisob-kitob qilinishini taʼminlaydi. Oʻz navbatida qarzdorlikni bartaraf etgan isteʼmolchilardan elektr energiyasi uchun toʻlovlardagi vaqtinchalik cheklovlar olib tashlanadi.

 

Mazkur qonun aholiga chiqindilarni toʻplash va olib chiqish boʻyicha koʻrsatiladigan xizmatlar uchun toʻlov intizomini mustahkamlash, xizmat koʻrsatuvchi tashkilotlarning asosiy fondlarini yangilash va xizmatlar sifatini yaxshilash, ushbu sohaga tadbirkorlik subyektlarini jalb qilishga xizmat qiladi. Bu esa, albatta, aholiga yanada sifatli va shaffof xizmat koʻrsatilishini taʼminlaydi.

 

Qonun senatorlar tomonidan maʼqullangan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//