
Jamiyat
Dunyo boʻyicha 30 yoshdan oshgan erkaklar orasida ortiqcha vazn va unga bogʻliq kasalliklar eng keng tarqalgan muammo hisoblanadi.
Turli tadqiqotlar shuni koʻrsatadiki, semizlikning tarqalishi erkaklar orasida 20-30 foizni tashkil etadi va 40 yoshdan keyin bu koʻrsatkich yanada oshadi.
Shu sababdan 30–50 yosh oraligʻidagi erkaklar uchun sogʻlom turmush tarziga rioya qilish juda muhim sanaladi. Bu davrda organizmda tabiiy oʻzgarishlar boshlanadi: metabolizm sekinlashadi, stress va ish yuklamasi ortadi, gormonal oʻzgarishlar sodir boʻlishi mumkin.
Yurak–qon tomir kasalliklari, qandli diabet, ortiqcha vazn, yuqori qon bosimi va prostata muammolari aynan shu yoshda koʻproq uchraydi. Agar vaqtida profilaktika choralari koʻrilmasa, bu muammolar yillar oʻtib yanada jiddiy kasalliklarni keltirib chiqaradi.
Mutaxassislar sogʻliqni mustahkamlash va uzoq umr koʻrish uchun quyidagilarni tavsiya qilmoqda:
▪️ Jismoniy faollik. Haftasiga kamida 150 daqiqa oʻrtacha jismoniy faollik (masalan, yurish, yugurish, suzish yoki fitnes) bilan shugʻullanish inson tanasiga ancha foydali boʻladi .
▪️ Muntazam jismoniy faollik. Bu yurak–qon tomir tizimini mustahkamlaydi, mushak va suyaklarni baquvvat qiladi, qondagi qand miqdorini meʼyorida ushlab turadi, ortib borayotgan vaznni nazorat qilishga yordam beradi.
▪️ Toʻgʻri ovqatlanish. Oziq-ovqat tanlovi erkaklarning umumiy sogʻligʻiga va energiya darajasiga katta taʼsir koʻrsatadi. Ovqatlanish ratsioni quyidagilardan iborat boʻlishi kerak:
– sabzavot va mevalar;
– don mahsulotlari (grechka, jigarrang guruch, suli);
– oʻsimlik yogʻlari (yongʻoq, zaytun yogʻi, avokado);
– yetarli miqdorda oqsil (tovuq goʻshti, baliq, tuxum, loviya).
Maʼlumot uchun, shirinliklar, yogʻli va qayta ishlangan mahsulotlarni iloji boricha kamaytirish zarur. Chunki ular yurak xastaliklari va qandli diabet xavfini oshiradi.
▪️ Vazn nazorati. Agar vazn ortib ketayotgan boʻlsa, ratsion va jismoniy faollikni qayta koʻrib chiqish kerak.
▪️ Muntazam tibbiy koʻrik. 30 yoshdan soʻng erkaklar yiliga kamida bir marta shifokorga borib, quyidagi tahlillarni topshirishi kerak:
– qon bosimi nazorati(gipertoniya xavfini oldini olish uchun);
– prostata tekshiruvi(prostata bezi saratoni xavfi 40-50 yoshdan keyin ortadi);
– jigar va buyrak faoliyati tahlillari.
▪️ Stressni boshqarish. Ushbu yosh oraligʻida erkaklar koʻpincha katta masʼuliyat yukini koʻtaradi – ish, oila, moliyaviy majburiyatlar kabi. Stressni kamaytirish uchun meditatsiya, sport, tabiatda sayr qilish, sevimli mashgʻulotlarga vaqt ajratish va sifatli dam olish muhim.
▪️ Zararli odatlardan voz kechish. Zararli odatlardan voz kechish organizmning umumiy holatini yaxshilaydi va uzoq umr koʻrish imkoniyatini oshiradi.
▪️ Yetarli uyqu. Uyqu sifati salomatlik va energiya darajasiga bevosita taʼsir qiladi. Kuniga kamida 7–9 soat sifatli uyqu olishga harakat qilish lozim.
Taʼkidlanishicha, 30-50 yosh oraligʻida erkaklarning sogʻlom turmush tarziga rioya qilishi nafaqat jismoniy va ruhiy holatni yaxshilaydi, balki uzoq umr koʻrish, oilaviy baxt va ish faoliyatining samaradorligini ham oshiradi.
Jamiyat
Madaniyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q