Endi jarimalari 12 balldan oshgan haydovchi transportni boshqarish huquqidan mahrum qilinadi

Saqlash
10:36 / 21.02.2025 147 0

Yoʻl harakati xavfsizligi tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan Jinoyat, Jinoyat-protsessual hamda Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodekslarga qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish boʻyicha qonun qabul qilindi.

 

Jumladan, Jinoyat kodeksiga kiritilgan qoʻshimchalarga koʻra, endi quyidagilar uchun jinoiy javobgarlik belgilanadi:

▪️ Avtomototransport vositalarining va ular tirkamalarining (yarim tirkamalarining) davlat raqam belgilarini yoki identifikatsiya raqamlarini qonunga xilof ravishda tayyorlaganlik, oʻtkazganlik yoki ulardan foydalanganlik, shuningdek ularni qalbakilashtirganlik uchun;

 

▪️ Avtomototransport vositalari, shahar elektr transporti vositalari haydovchilarini va traktorchi-mashinistlarni tayyorlash hamda qayta tayyorlash, shuningdek imtihonlar oʻtkazish va guvohnomalar berish tartibini buzganlik uchun;

 

▪️ Transport vositasini mastlik holatida boshqarganlik yoki tekshiruvdan oʻtishdan boʻyin tovlaganlik uchun;

 

▪️ Transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum etilgan shaxsning transport vositasini boshqarganlik uchun;

 

▪️ Siqilgan tabiiy gazda, suyultirilgan neft gazida yoki dizel va gazsimon yoqilgʻi aralashmasida ishlaydigan transport vositalaridan foydalanishda xavfsizlik qoidalarini buzganlik uchun.

 

Bundan tashqari, Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga kiritilgan qoʻshimchalarga binoan yoʻl harakati qoidabuzarliklari boʻyicha hisoblanadigan jarima ballari belgilangan miqdordan oshganligi uchun maʼmuriy jazo qoʻllanilishi belgilandi.

 

Hujjatga koʻra, belgilangan huquqbuzarliklar sodir etilganligi uchun transport vositasining haydovchisiga nisbatan mazkur huquqbuzarliklarda nazarda tutilgan asosiy jazo bilan birga endi jarima ballari hisoblanadi. Bunda sodir etilgan har bir huquqbuzarlik uchun hisoblanadigan jarima balining eng yuqori miqdori 2 balldan oshmasligi kerak.

 

Jarima ballari belgilangan huquqbuzarliklardan biri birinchi marta sodir etilgan kundan eʼtiboran bir yil davomida hisoblab boriladi.

 

Huquqbuzarliklar uchun hisoblangan jarima ballari bir yil oʻtgach transport vositasining haydovchisidan avtomatlashtirilgan tarzda yechiladi.

 

Hisoblangan jarima ballari bir yil davomida 12 balldan oshgan hollarda, oxirgi sodir etilgan huquqbuzarlik uchun belgilangan tartibda qoʻshimcha jazo tariqasida haydovchi transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum qilinadi. Bunday huquqdan mahrum qilish muddati 6 oydan kam boʻlmaydi.

 

Shuningdek:

▪️ Siqilgan tabiiy gazda, suyultirilgan neft gazida yoki dizel va gazsimon yoqilgʻi aralashmasida ishlaydigan transport vositalaridan foydalanishda xavfsizlik qoidalarini buzganlik uchun;

 

▪️ Transport vositasida odam tashish qoidalarini buzganlik uchun;

 

▪️ Transport vositalarini quvib oʻtish qoidalarini buzganlik uchun;

 

▪️ Yoʻl bezoriligi uchun maʼmuriy javobgarlik belgilash Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksga qoʻshimchalar sifatida kiritildi.

 

Quyidagi 13 ta huquqbuzarlik boʻyicha ball tizimi joriy qilindi. U huquqbuzarlikning ogʻir-yengilligiga qarab, 0,5 balldan 2 ballgacha boʻladi.

 

Bular:

125-modda. Transport vositalaridan foydalanish qoidalarini buzish(3-5-qism);

126-modda. Tonirovka;

127-modda. Tovush va yoritish qurilmalaridan foydalanish qoidalarini buzish(birinchi qism);

128-modda. Yoʻl belgilari va boshqa qoidalar;

128-3-modda. Tezlik talablariga amal qilmaslik;

128-4-modda. Qizil chiroqqa boʻysunmaslik;

128-5-modda. Xalaqit berish yoki avariya holatini yuzaga keltirish, yoʻlning qarama-qarshi harakatlanish uchun moʻljallangan tomoniga yoki boʻlagiga chiqish;

128-6-modda. Toʻxtash yoki toʻxtab turish qoidalarini buzish;

128-7-modda. Odam tashish qoidalarini buzish(yangi modda);

128-8-modda. Quvib oʻtish qoidalarini buzish(yangi modda);

129-modda. Guruh boʻlib harakat qilishda qatnashish;

130-modda. Temir yoʻldan oʻtish qoidalarini buzish;

137-modda. YTH joyidan ketib qolish(birinchi qism).

 

Me'yoriy balldan oshib ketgandan soʻng maʼmuriy jazoni jinoyat ishlari boʻyicha tuman/shahar sudi tayinlaydi. 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//