
Jamiyat
Oʻzbekistonda maktab oʻquvchilariga energiya sarfi savodxonligi asoslari oʻrgatiladi. Bu haqda Maktabgacha va maktab taʻlimi vaziri Hilola Umarova “Oʻzbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida maʻlum qildi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 19-fevral kuni energiya samaradorligini oshirish boʻyicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi.
Xususan, yirik sanoat korxonalarida bir mahsulot birligi ishlab chiqarishga ketadigan energiya meʻyorini belgilash koʻzda tutilmoqda. Maktablar, bolalar bogʻchalari va boshqa ijtimoiy obyektlarga quyosh batareyalari va suv geliokollektorlarni oʻrnatish, eshik va derazalarni yangilash rejalashtirilmoqda.
MMTV rahbari Hilola Umarova har bir maktab va bogʻcha elektr energiyani tejashi zarurligini taʻkidladi.
“Bu har bir maktab direktori, oʻqituvchi va oʻquvchilar, aholi uchun juda muhim. Vazirlik Texnik jihatdan tartibga solish agentligi bilan hamkorlikda oʻquvchilar orasida energiya sarfi savodxonligi boʻyicha aniq dasturlar tayyorlagan. Bunda har bir oʻquvchi yosh davrlaridanoq energiya resusrlarimiz va ularni tejash qanchalik muhimligini oʻrgatish vazifalari yuklatilgan” — dedi u.
Vazirning soʻzlariga koʻra, bukletlarda elektr energiyasi, gaz va ichimlik suvini tejashning oddiy misollari keltirilgan.
Uning maʻlum qilishicha, 2025-yil uchun ushbu yoʻnalish boʻyicha masʻullar belgilab olingan. “Maktablardagi „Tarbiya“, „Geografiya“, „Fizika“ fanlarida ham tabiiy resurslarimizni qanchalik tejashimiz muhimligi mujassam ettirilgan”, — dedi Umarova.
Taqdimot chogʻida prezidentga Yaponiya tajribasi asosida isteʻmolchilarni energiya tejash savodxonligi boʻyicha oʻqitish rejalari taqdim etildi. Maktablar uchun bukletlar ham Yaponiya tajribasini hisobga olgan holda ishlab chiqilgan.
Yaponiya energiya tejash sohasida boy tajribaga ega. 2011-yilda “Fukusima” AESda yuz bergan halokatdan soʻng butun mamlakatni qamrab olgan “Setsuden” nomli harakat vujudga kelgan. Oʻsha paytda hukumat tekshiruv oʻtkazish maqsadida oʻnlab atom elektr stansiyalarini vaqtincha yopgan. Shundan soʻng, yirik kompaniyalar, kichik biznes va xonadonlar uchun maʻmuriy tartibda elektr taʻminotini cheklashga toʻgʻri kelgan.
Oʻsha yili elektr energiyasi sarfini kamaytirish uchun turli usullar sinovdan oʻtkazilgan. Masalan, metro bekatlari va vokzallarda ayrim eskalatorlar oʻchirilgan, ofis binolari va hatto osmonoʻpar imoratlarda ayrim liftlar toʻxtatilgan. Shu bilan birga, odamlar bir qavatga piyoda koʻtarilish yoki ikki qavat pastga tushishni odatiy hol sifatida qabul qilishga chorlangan. Hamma joyda ortiqcha yorugʻlik oʻchirilgan. Yaponlarning konditsionerli xonalardagi haroratni kamida ikki darajaga oshirishga rozi boʻlishi muhim ahamiyat kasb etgan.
Jamiyat
Madaniyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q