“Vaqf” xayriya jamoat fondi rahbariga nisbatan qoʻzgʻatilgan jinoyat ishi uning oldingi faoliyati bilan bog‘liq — Musulmonlar idorasi

Saqlash
11:17 / 20.02.2025 250 0

 

Oʻzbekiston musulmonlari idorasi tashkilotda mablagʻlar oʻzlashtirilgani haqidagi xabarlarga munosabat bildirdi.

 

Idora axborot xizmati maʼlum qilishicha, xorij nashrlarining birida Oʻzbekiston musulmonlari idorasi faoliyatiga oid asoslanmagan maʼlumotlar tarqatilgan.

 

Mazkur xabarlarda Diniy idorada moliyaviy kamomad kuzatilgani va mablagʻlar oʻzlashtirilgani haqida bir qator iddaolar qilingan. Oʻzbekiston musulmonlari idorasi oʻz ustav talablariga koʻra, tashkiliy-huquqiy jihatdan nodavlat-notijorat tashkilot boʻlib, hech qanday tijoriy faoliyat bilan shugʻullanmaydi. Diniy idoraning sarf-xarajatlari masjidlar, ziyoratgohlar va turli xayriya ishlaridan tushgan ehsonlar hisobidan qoplanadi.

 

Mazkur yigʻilgan mablagʻlar tasdiqlangan smeta asosida sarflanadi va moliyaviy aylanmalar Oʻzbekiston musulmonlari idorasi Oliy hayʼati, Taftish komissiyasi, adliya organlari va soliq idoralari tomonidan doimiy nazorat qilib boriladi. Xususan, 2024-yilning 1-12-noyabr kunlari Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi mutaxassislari, soliq idoralari xodimlari tomonidan diniy idorada qonunchilik hujjatlari bajarilishi va moliyaviy faoliyatlarning qonuniyligi yuzasidan oʻrganish ishlari olib borilgan.

 

Oʻrganishlar yakuni boʻyicha Adliya vazirligining 2024-yil 18-noyabr kunidagi 21/5-978/9-sonli taqdimnomasida diniy idorada moliyaviy kamomad va noqonuniy xatti-harakatlar mavjud emasligi qayd etilgan. Bundan tashqari, Taftish komissiyasi Oʻzbekiston musulmonlari idorasining 2021-2024-yillardagi moliyaviy faoliyatini batafsil tekshirib, mazkur jarayonlar amaldagi qonunchilikka muvofiq ekani toʻgʻrisida Oʻzbekiston musulmonlari idorasi Oliy hayʼatiga hisobot bergan.

 

Tarqatilgan xabarlardagi “Vaqf” xayriya jamoat fondi rahbariga nisbatan qoʻzgʻatilgan jinoyat ishi esa uning mazkur vazifaga kirishishdan oldingi faoliyati bilan bogʻliq ekanini alohida taʼkidlangan. Olib borilgan tergov jarayonlarida ham fond mablagʻlarini nooʻrin sarflash va oʻzlashtirish holatlari oʻz tasdigʻini topmagan. Fond oʻz faoliyatini qonunchilik hujjatlari va Vasiylik kengashi qarorlari asosida olib boradi. Mazkur kengash fond faoliyatining dinimiz talablari va qonunchilik hujjatlariga muvofiqligini muntazam nazorat qilib boradi.

 

“Shuningdek, xabarlarning birida umra ziyoratchilari uchun nimcha va sumka boʻyicha oʻtkazilgan tanlov haqida ham asoslanmagan maʼlumotlar uchraydi. Maʼlumki, mamlakatda haj va umra safarini tashkil etish ishlari Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 7-iyundagi “Haj va umra tadbirlarini tashkil etish va oʻtkazishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 364-sonli qaror asosida amalga oshiriladi. Ushbu qarorga ilova qilingan nizomning 17-bandida ziyoratchilar uchun kiyim-kechak va sumka tayyorlab beruvchi tashkilotlarni tanlash uchun alohida tender (tanlov) oʻtkazish va tender (tanlov) xulosalarini Jamoatchilik kengashiga kiritish va Jamoatchilik kengashi qaroriga asosan tender (tanlov)da gʻolib chiqqan tashkilotlar bilan shartnomalar tuzish belgilangan.

 

Qayd etilishicha, har yili nimcha (kamzul) va sumka tayyorlab berish boʻyicha alohida ochiq tanlov oʻtkaziladi va bu haqda OAVda eʼlonlar beriladi. Unda firmalar tomonidan taqdim etilgan bir qator hujjatlar bilan birga nimcha (kamzul) va sumka namunalari sifati va narxi mutaxassislar tomonidan oʻrganilib, ularning yakuniy xulosasi Jamoatchilik kengashiga kiritiladi.

 

Shuningdek, mazkur xabarda umra ziyoratchilari uchun nimcha va sumkalarga pullar oʻtkazilib, oʻzlashtirib yuborilgan, degan mazmundagi maʼlumot ham asossizdir. Chunki, oʻtkazilgan tanlovda gʻolib chiqqan firma bilan tuzilgan shartnomaga asosan har bir nimcha uchun 34.130,91 soʻmdan (QQSsiz), har bir sumka uchun 28,369,09 soʻmdan (QQSsiz) tasdiqlangan smeta asosida mablagʻ ajratilgan. Mazkur nimcha va sumkalar umra ziyoratchilariga tarqatilgan va ular Saudiya Arabistonida ibodatlarini ado etib qaytdi”, deya yozgan diniy idora matbuot xizmati.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//