Tomorqasini qarovsiz qoldirganlar uch karra koʻproq soliq toʻlaydi

Saqlash
18:02 / 19.02.2025 168 0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Tomorqa yer egalari va dehqon xoʻjaliklari faoliyatida zamonaviy tashkiliy tizimni joriy qilish va moliyaviy qoʻllab-quvvatlashning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni qabul qilindi.

 

18-fevraldan kuchga kirgan farmonga asosan, aholi tomorqasi va dehqon xoʻjaliklariga ijaraga berilgan yer maydonlaridan samarali foydalanish holati boʻyicha hokim yordamchisi tomonidan hududning iqlim sharoitini inobatga olgan holda har chorakda oʻtkaziladigan monitoring natijasida ekin toʻliq ekilmagan yoki qarovsiz qoldirilganlik holati aniqlanganda tajriba tariqasida (fors-major holatlari bundan mustasno):

 

  • tomorqa yer egalari va dehqon xoʻjaliklariga davlat dasturlari doirasida imtiyozli kreditlar berilmaydi;
  • Ijtimoiy himoya yagona reyestriga kiritilgan fuqarolar uchun nazarda tutilgan imtiyozlar toʻxtatiladi;
  • “Online mahalla” elektron platformasi maʼlumotlari asosida ekin ekilmagani aniqlangan yil uchun yer soligʻi stavkasi uch karra miqdorida hisoblanadi.

 

Berilayotgan imtiyozlarni vaqtincha toʻxtatish, qayta tiklash va oshirilgan soliq stavkalarini qoʻllash “mahalla yettiligi” xulosasiga asosan amalga oshiriladi va tegishli maʼlumotlar “Online mahalla” elektron platformasiga kiritib boriladi.

 

Tomorqa va ijaraga berilgan yer maydonlaridan samarali foydalanish yoʻlga qoʻyilgan, yaʼni ekin ekiladigan maydonlariga ekin ekilgan taqdirda, “mahalla yettiligi” kafilligi bilan barcha imtiyozlar va amaldagi soliq stavkalari tiklab beriladi.

 

Aholi tomorqalarida yuqori daromad olishni ragʻbatlantirish maqsadida 2026-yildan boshlab tajriba tariqasida Namangan viloyatida dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yerlarida yetishtirilgan mahsulotlardan olingan daromad miqdori 1 sotix uchun BHMning 25 baravaridan (9 million 375 ming soʻm) yuqori boʻlganida fuqarolar va dehqon xoʻjaliklarining ekin bilan band boʻlgan yer uchastkalari uchun toʻlangan yer soligʻining 90 foizi tegishli yil yakuni bilan qaytarib beriladi.

 

Mazkur tartib yer uchastkalaridan hujjatlarsiz yoxud yer uchastkasiga boʻlgan huquqni tasdiqlovchi hujjatlarda koʻrsatilganidan kattaroq hajmda foydalanilgan yer uchastkalariga nisbatan tatbiq etilmaydi.

 

Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi Soliq qoʻmitasi bilan birgalikda tajriba natijalarini hisobga olgan holda ushbu tartibni respublikaning boshqa hududlarida joriy etish yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritishi lozim.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//