Intellektual mulk huquqini buzganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilanmoqda

Saqlash
14:23 / 19.02.2025 158 0
Foto: Yuz.uz

18-fevral kuni bo‘lib otgan Oliy Majlis qonunchilik palatasi yig‘ilishida intellektual mulk himoyasini yanada kuchaytirish bo‘yicha qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilindi.

 

Ushbu qonun loyihasining qabul qilinishi jamiyatda intellektual mulk huquqiga bo‘lgan hurmat hissini shakllantirish va intellektual mulk egalarining moddiy manfaatlarini himoya qilish, intellektual mulk sohasidagi javobgarlik choralarini kuchaytirish orqali kontrafakt mahsulotlarning aylanmasiga chek qo‘yish va aholining, shu jumladan tadbirkorlik subyektlarining intellektual mulk obyektlarini qonuniy foydalanish bo‘yicha mas’uliyatini yanada oshirishga xizmat qiladi.

 

 

Ushbu qonun loyihasi bilan:
 

1) mualliflik huquqi va turdosh huquqlarni buzganlik uchun ma’muriy jarima miqdori oshirilmoqda;

2) seleksiya yutug‘iga bo‘lgan huquqni buzganlik uchun ma’muriy javobgarlik kiritilmoqda;

3) patentga oid (ixtiro, foydali model, sanoat namunasi va seleksiya yutug‘i) huquqbuzarliklar sodir etishda foydalanilgan ashyolarni musodara qilish qo‘shimcha ma’muriy jazo chorasi sifatida kiritilmoqda;

4) adliya organlarining kontrafakt tovarlarni ko‘zdan kechirish va xatlash vakolatlari kiritilmoqda;

5) muallifning shaxsiy nomulkiy huquqlarini buzganlik uchun jinoiy javobgarlik choralari kuchaytirilib, buzilishi javobgarlikka sabab bo‘ladigan intellektual mulk obyektlari doirasi kengaytirilmoqda;

6) intellektual mulk egalarining mulkiy huquqlarini (tovar belgisi, ixtirolar, dasturiy ta’minot, sanoat namunasi va boshqalarga doir huquqlar) buzganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilanmoqda;

7) tovar belgisi bo‘yicha ishlab chiqarilgan kontrafakt mahsulotlar huquqbuzar hisobidan muomaladan olib qo‘yilishi va yo‘q qilinishi nazarda tutilmoqda.

 

Qonunning qabul qilinishi intellektual mulk huquqlarini samarali himoya qilinishiga, kontrafakt tovarlar aylanmasining oldini olishga, xorijiy investitsiyalar oqimining yanada ko‘payishiga hamda O‘zbekistonning Jahon Savdo Tashkilotiga a’zo bo‘lish jarayonini tezlashtirishga xizmat qiladi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//