Yangi turdagi moliyaviy yordamlar joriy etiladi

Saqlash
12:18 / 18.02.2025 155 0

“Kambagʻallikdan farovonlik sari” dasturida belgilangan vazifalarni amalga oshirish uchun bir qator yangi turdagi moliyaviy yordamlar joriy qilinadi.

 

Jumladan:

▪️ ozodlikdan mahrum etish jazosini oʻtab boʻlgan fuqarolarga — ular tomonidan tadbirkorlik, meʼmorchilik, hunarmandchilik kabi yoʻnalishlardagi aniq loyihalar amalga oshirilishi uchun mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdorining 10 baravarigacha miqdordagi subsidiyalar;

 

▪️ oʻzini oʻzi band qilmoqchi boʻlgan ishsiz fuqarolarni yoki kambagʻal oilalarning aʼzolarini kasanachi sifatida ishga olgan tadbirkorlarga — ularning aylanma mablagʻlarini toʻldirish uchun har bir jalb qilingan kasanachi uchun BHMning 10 baravarigacha miqdordagi 3-yilgacha muddatga foizsiz ssudalar;

 

▪️ kambagʻal oila aʼzolariga — oʻz faoliyatini boshlashi uchun zarur boʻlgan asbob-uskunalarni xarid qilishga BHMning 50 baravarigacha miqdordagi 6 oydan 3-yilgacha muddatga foizsiz ssudalar;

 

▪️ kambagʻal oilalarga — dehqonchilik va bogʻdorchilik tashkil qilish uchun dehqon xoʻjaliklariga suv quduqlarini burgʻilash, nasos agregatlarini sotib olish, tomchilatib sugʻorish tizimini oʻrnatish va elektr tarmoqlarini tortish uchun 6 oylik imtiyozli davr bilan BHMning 200 baravarigacha miqdordagi 5-yilgacha muddatga foizsiz ssudalar;

 

▪️ tadbirkorlarga — agar ular mahallalarning ixtisoslashuvi va drayver yoʻnalishlaridan kelib chiqib, oʻz tajribasini 10 tagacha kambagʻal oilalarga oʻrgatgan va ularga doimiy daromad manbaiga ega boʻlishiga koʻmaklashgan boʻlsa, ularga har bir kambagʻal oila uchun BHMning 3 baravari (biroq BHMning 30 baravarigacha) miqdordagi grantlar beriladi.

 

Hujjatda taʼkidlanishicha, aholi tomonidan qiziqish bildirilmagan, uzoq davr mobaynida foydalanilmayotgan va samaradorligi past boʻlgan subsidiyalar bekor qilinadi hamda bir-birini takrorlovchi subsidiyalar birlashtiriladi.

 

2026-yil 1-yanvardan aholiga naqd pul shaklida beriladigan moliyaviy yordamlar bosqichma-bosqich ijtimoiy karta orqali ajratiladi.

 

2025-yil 20-martgacha Iqtisodiyot va moliya vazirligi markaziy apparati tuzilmasida Subsidiya, ssuda va grantlarning samaradorligini baholash va muvofiqlashtirish boshqarmasi tashkil etiladi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//