OTM bitiruvchilarini ish bilan taʼminlashga koʻmaklashuvchi dastur amalga oshiriladi

Saqlash
11:32 / 18.02.2025 148 0

Prezident qarori bilan OTM bitiruvchilarini ishga joylashishiga koʻmaklashuvchi “Kelajakka qadam” dasturi ishga tushiriladi.

 

Unda quyidagilar nazarda tutiladi:

▪️ oʻz biznes gʻoyalarini amalga oshirish istagi boʻlgan oliy taʼlim tashkilotlarining bitiruvchi bosqich talabalari uchun biznes gʻoyani tayyor loyihagacha olib borish jarayonida toʻliq hamrohlik qilish, shu jumladan, qulay shartlarda moliyalashtirish;

 

▪️ oliy taʼlim tashkilotlarining bitiruvchi va quyi bosqich talabalari oʻrtasida sohalar boʻyicha ochiq tanlovlar oʻtkazish va gʻoliblarni ish bilan taʼminlashga koʻmaklashish.

 

Mazkur jarayonda:

🔹 salohiyatli ish beruvchi tashkilotlar, xususan, yirik korxonalarning oliy maʼlumotli mutaxassislarga ehtiyojini aniqlash va mutaxassislarga qoʻyiladigan talablarni shakllantirish amaliyoti yoʻlga qoʻyiladi;

 

🔹 tanlov gʻoliblarini salohiyatli ish beruvchi tashkilotlar buyurtmasiga koʻra individual kasbiy taʼlim dasturlari asosida kasbga dastlabki tayyorlash tadbirlari moliyalashtiriladi;

 

🔹 individual kasbiy taʼlim dasturlarida ishlab chiqarish obyektlarida amaliyot oʻtash va chet eldagi oliy taʼlim tashkilotlarida qisqa muddatli oʻquv kurslarida qatnashish imkoniyati yaratiladi.

 

Bundan tashqari, yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish boʻyicha ham Prezident qarori qabul qilindi.

 

Unga koʻra, 2025–2027-yillarda quyidagilarni nazarda tutuvchi “Yoshlar biznesi” dasturi amalga oshiriladi:

🔹dastur doirasida 350 mingta yoshni qamrab olinadi, shu jumladan, 18 yoshga toʻlgan va 30 yoshdan oshmagan shaxslar uchun kamida 100 mingta qoʻshimcha ish oʻrinlari yaratiladi;

 

🔹yosh tadbirkorlarga kompleks xizmatlar koʻrsatiladi, ularning faoliyatini moliyaviy qoʻllab-quvvatlash borasida AT “Aloqabank” tayanch “yoshlar banki” etib belgilanadi;

 

🔹zamonaviy tadbirkorlik koʻnikmalarini shakllantirish uchun yoshlarning startap va investitsiya loyihalariga imtiyozli moliyaviy mablagʻlar ajratiladi;

 

🔹iqtisodiyot tarmoqlari va sohalaridagi, shu jumladan, raqamli texnologiyalar tatbiq etilgan innovatsion loyihalar hamda ijtimoiy tadbirkorlik yoʻnalishidagi qoʻllab-quvvatlash choralari joriy etiladi.

 

Shuningdek, “Biznesga birinchi qadam” loyihasiga muvofiq 18 yoshga toʻlgan va 30 yoshdan oshmagan ijtimoiy soliq toʻlagan oʻzini oʻzi band qilgan jismoniy shaxslarga onlayn shaklda imtiyozli davr bilan 7 yilgacha muddatga 100 mln soʻmgacha imtiyozli mikroqarz sifatida ajratiladi.

 

“Innovatsion yoshlar” loyihasi boʻyicha esa venchur jamgʻarmalari orqali yoshlar qoʻllab-quvvatlanadi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//