![](/storage/posts/February2025/cuIfp6OOdveUBgeqDAxz-small.png)
Jamiyat
Yoshlar bilan muloqotda Prezident bugungi kunda mafkuraviy xavf-xatarlar allaqachon kibermakonga koʻchib oʻtgani haqida gapirdi.
Shu munosabat bilan yoshlarda internetdan foydalanish madaniyatini yanada yuksaltirish, ularning yolgʻon maʼlumotlar qurboniga aylanishi, dunyoqarashi salbiy gʻoyalar taʼsirida shakllanishining oldini olish muhimligi taʼkidlandi.
“Farzandlarimizning maʼnaviy tarbiyasi va mafkuraviy immunitetini kuchaytirish, ularni yot gʻoyalardan asrash har birimizning vazifamizga aylanishi shart”, dedi davlat rahbari.
Uchrashuvda mutasaddilarga yoshlarning mafkuraviy xavfsizligini taʼminlash, ularni dardiga malham boʻlib, muammosini hal qilib, turli gʻoyaviy xurujlardan asrash, zararli axborotlardan himoya qilish ishlarini kuchaytirish topshirildi.
Taʼkidlanishicha, endi ilm-fan va taʼlim yoʻnalishidagi foydali mahalliy internet resurslari reyestri shakllantirilib, ulardan bepul internet tarmogʻi orqali foydalanish yoʻlga qoʻyiladi.
Nuroniylar ishtirokida “Ajdodlar merosiga munosib avlod” gʻoyasi ostida yoshlarni birlashtirish boʻyicha yangi tizim ham joriy etiladi. Shuningdek, yoshlarda vatanparvarlik hissini oshirish maqsadida “Men buyuk el farzandiman” umummilliy harakatini yoʻlga qoʻyish boʻyicha yoshlarning tashabbusi qoʻllab-quvvatlandi.
Shavkat Mirziyoyev yoshlar maʼnaviyatini yuksaltirishda badiiy adabiyotning roli juda katta ekanini ham urgʻuladi.
Xabarga koʻra, endilikda “Yoshlik” jurnali faoliyati kuchaytirilib, u yana yoshlar sevib oʻqiydigan jurnalga aylantiriladi.
Maʼlumot uchun, jurnal bundan qirq yil oldin shoir Erkin Vohidov timonidan tashkil etilgan.
Bundan tashqari, yoshlarda vatanparvarlik ruhini kuchaytirish boʻyicha 10-11-sinf oʻquvchilari oʻrtasida boshlangan “Vatan tayanchi” harakati kasb-hunar maktabi, texnikum va xususiy taʼlim tashkilotlarida ham yoʻlga qoʻyilishi belgilandi.
Endi “Vatan tayanchi” otryadlari oʻrtasida “maktab – tuman – viloyat – respublika” darajasida sport musobaqalari va ijodiy tanlovlar tashkil etiladi.
Shu kabi har bir mahallada yoshlar oʻrtasida “mahalla – sektor – tuman – viloyat – respublika” darajasida “Shijoat va gʻayrat” sport oʻyinlari oʻtkaziladi. Gʻolib mahallalarga sport inshooti qurib beriladi hamda zarur anjomlar bilan taʼminlanadi.
“Vatan tayanchi” hamda “Shijoat va gʻayrat” musobaqalari gʻoliblariga esa harbiy oliygohlarga kirishi uchun tavsiyanoma beriladi.
Siyosat
Jahon
Jamiyat
Jahon
Madaniyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q