Kitob oʻqigan mahkumlarning jazo muddatini qisqartirishga oid qonun loyihasi qabul qilindi

Saqlash
12:24 / 14.02.2025 119 0

Qonunchilik palatasining kecha boʻlib oʻtgan navbatdagi majlisida mahkumlarni axloqan tuzatish ishlari samaradorligini oshirishga qaratilgan qonun loyihasi birinchi oʻqishda muhokama qilindi.

 

Taʼkidlanishicha, qonunchilikka ilgʻor xorijiy tajribani inobatga olgan holda, mahkumlarning qonunga itoatkor xulq-atvorini, insonga, jamiyatga, mehnatga, jamiyat turmushi qoidalari va anʼanalariga hurmat munosabatini ragʻbatlantirishga qaratilgan normalarni kiritish zarurati yuzaga kelmoqda.

 

Shu sababli ham mazkur qonun loyihasi bilan Jinoyat kodeksiga kitob oʻqishga jalb qilish orqali mahkumlarni axloqan tuzatish boʻyicha yangi 74-1-modda kiritilmoqda.

 

Unga koʻra, faqat jazo muddatini toʻliq oʻtashi lozim boʻlgan mahkumlarga nisbatan tasdiqlangan roʻyxat boʻyicha 1 ta kitob oʻqigan va belgilangan tartibda imtihon topshirgan taqdirda jazosini 3 kunga qisqartirish nazarda tutilmoqda.

 

Shuningdek, ushbu kodeksning 73-, 74-moddalari asosida esa jazoni oʻtashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilish yoki yengilrogʻi bilan almashtirish masalasini hal etish vaqtida inobatga olinishi belgilanyapti.

 

Bundan tashqari, oʻzini oʻzi tarbiyalash yoʻli bilan tuzalish yoʻliga oʻtganligini tasdiqlovchi harakatlarni bajarishi munosabati bilan jazo muddatini qisqartirishni protsessual tartiblari hamda zarur boʻlgan adabiyotlar bilan taʼminlashni belgilash boʻyicha Jinoyat-protsessual kodeksi 536-1-moddasi, Jinoyat-ijroiya kodeksi 80-1-moddasi bilan toʻldirish nazarda tutilmoqda.

 

Qonun loyihasi birinchi oʻqishda konseptual jihatdan qabul qilingan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//