![](/storage/posts/February2025/5JvDo9YSbxNEFueKU3Kr-small.jpg)
Jamiyat
2025-yil 1-apreldan “Yoshlar daftari” jamgʻarmalari orqali, 2025-yil 1 sentyabrdan esa “Ayollar daftari” jamgʻarmalari orqali toʻlanadigan bir martalik moddiy yordamlar oʻrniga kam taʼminlangan oilalar uchun nazarda tutilgan nafaqalar toʻlab boriladi. Bu boʻyicha tegishli bandlar Prezident Farmonida belgilab qoʻyilgan.
Shuningdek, hujjatga koʻra, 2025-yil 1-maydan “Ijtimoiy daftarlar” jamgʻarmalari hisobidan davolash va jarrohlik amaliyotini oʻtkazish xarajatlari Davlat tibbiy sugʻurtasi jamgʻarmasi orqali moliyalashtiriladi.
2025-yil 1-apreldan boshlab esa Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Xorazm viloyatida muhtoj oilalarga bir marta beriladigan moddiy yordam oʻrniga ushbu hududlarda yashovchi Kambagʻal oilalar reyestriga kiritilgan oilalarga uy-joyida artezian quduq qazish, suv nasoslarini oʻrnatish hamda ichimlik suv filtrlarini xarid qilish xarajatlarini qoplash uchun subsidiya ajratish tartibi joriy etiladi.
Maʼlumot uchun, mazkur turdagi subsidiya xarajatlarning 90 foizi uchun, biroq BHMning 30 baravaridan koʻp boʻlmagan miqdorda ajratiladi.
2025-yil 1-maydan eʼtiboran ozodlikdan mahrum etish joylaridan ozod qilingan shaxslarga BHMning 6 baravari miqdoridagi bir martalik nafaqa puli “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari orqali toʻlanadi.
Bundan tashqari, tuman (shahar) hokimliklari huzurida “Infratuzilma va ijtimoiy barqarorlik” jamgʻarmalari tashkil etiladi.
Farmonda yozilishicha, 2025-yil 1-apreldan Kambagʻal oilalar reyestriga kiritilgan oilalar uchun “Ijtimoiy daftarlar” jamgʻarmalari orqali qoʻllab-quvvatlashning quyidagi yangi instrumentlari ham joriy etiladi:
▪️ kamida 3 nafar xotin-qizlar, yoshlar va aholining boshqa ehtiyojmand toifalarining bandligi hamda ijtimoiy faolligini taʼminlashga qaratilgan ijtimoiy loyihalarni moliyalashtirish uchun tegishincha “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari” va “Saxovat va koʻmak” jamgʻarmalari hisobidan BHMning 60 baravarigacha grantlar ajratish;
▪️ “Yoshlar daftari” jamgʻarmasi hisobidan nogironligi boʻlgan yoshlarga parasport toʻgaraklariga qatnashishi uchun yoʻl haqi xarajatlarini qoplab berish va 6 oy davomida muntazam ravishda sport va sanʼat toʻgaraklariga qatnashayotgan yoshlar uchun sport forma, inventar, musiqa va cholgʻu asboblarini xarid qilish;
▪️ yongʻin, suv toshqini, zilzila va boshqa texnogen hodisalar oqibatida zarar koʻrgan oilalarga uy-joylarini tiklash va taʼmirlash xarajatlarini qoplash uchun “Saxovat va koʻmak” jamgʻarmasi orqali BHMning 150 baravarigacha boʻlgan miqdorda yordam koʻrsatish.
Taʼkidlanishicha, endi “Ijtimoiy daftarlar” jamgʻarmalari hisobidan ijtimoiy yordam koʻrsatishni soʻrab murojaat qilgan shaxslarning ijtimoiy holatini aniqlash “Yagona milliy ijtimoiy himoya” axborot tizimi orqali, oilaning moliyaviy holatini esa – idoralararo axborot almashinuvi orqali avtomatik ravishda baholash (skoring) natijalariga muvofiq amalga oshiriladi.
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q