![](/storage/posts/February2025/X6IvAchUXrD5hNc9yFgf-small.jpg)
Jamiyat
Bugungi kunda yolgʻiz onalar, boquvchisini yoʻqotganlar, turmush oʻrtogʻi chet elga ketib, qaytib kelmaganlar tomonidan farzandlarini mehribonlik uylariga olib kelish holatlari ortgan. Bu haqda fuqarolik ishlari boʻyicha Andijon tumanlararo sudi sudyasi Azizbek Qodirov maʼlumot berdi.
Uning qoʻshimcha qilishicha, mehnat migratsiyasi sabab ota-onasi yoki qarindoshlaridan uzoqda, toʻliq davlat taʼminotidagi muassasalarda tarbiyalanayotgan bolalar soni 935 nafar boʻlib, Shundan 75 nafarining ham ota, ham onasi mehnat migranti hisoblanadi.
Qodirov mazkur maʼlumotni taqdim etar ekan ota-onalik huquqidan mahrum qilish masalasi haqida gapiradi.
“Ota-onalik huquqidan mahrum qilish oilaviy huquqiy javobgarlikning bir turi, unda jazo elementi aniq namoyon boʻladi. Shuningdek, ota-onalik huquqidan mahrum qilish toʻgʻrisidagi ishni koʻrib chiqishning asosiy vazifasi bolaning manfaatlarini taʼminlashdir”, deydi u.
Shuningdek, u Oila kodeksi ota-onalik huquqidan mahrum qilish tushunchasini oʻz ichiga olmasligi, lekin unda ota-onalik huquqini cheklash va undan mahrum qilish asoslari koʻrsatib oʻtilganini taʼkidlaydi.
Andijon tumanlararo sudi sudyasi mazkur kodeksining 79-moddasiga tayanib, ota-onalik huquqidan mahrum qilishning 5 ta qatʼiy asoslarini keltiradi:
Birinchidan, ota-onalik majburiyatlarini bajarishdan bosh tortsa, shu jumladan, aliment toʻlashdan boʻyin tovlasa;
Ikkinchidan, uzrsiz sabablarga koʻra oʻz bolasini tugʻuruqxona yoki boshqa davolash muassasasidan, tarbiya, aholini ijtimoiy himoyalash muassasasi va shunga oʻxshash boshqa muassasalardan olishdan bosh tortsa;
Uchinchidan, ota-onalik huquqini suiisteʼmol qilsa, bolalarga nisbatan shafqatsiz muomalada boʻlsa, jumladan, jismoniy kuch ishlatsa yoki ruhiy taʼsir koʻrsatsa;
Toʻrtinchidan, muttasil ichkilikbozlik yoki giyohvandlikka mubtalo boʻlgan boʻlsa;
Beshinchidan, oʻz bolalarining hayoti yoki sogʻligʻiga yoxud eri(xotini)ning hayoti yoki sogʻligʻiga qarshi qasddan jinoyat sodir qilgan boʻlsa.
Qodirov oila qonunchiligidagi javobgarlik choralariga jiddiy eʼtibor qaratish, ularni yangilash hamda ota-onalik huquqidan mahrum qilish institutini oʻrganish zarurligini aytib oʻtgan.
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Madaniyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q