Tadqiqot: Ish beruvchilar yoshlarga qancha maosh berishga tayyor?

Saqlash
12:32 / 11.02.2025 448 0

Foto: robowizard.ru

 

Yosh mutaxassislarni ishga qabul qilishda ish beruvchilarning fikrini oʻrganish maqsadida “Yuksalish” harakati soʻrovnoma oʻtkazdi.

 

Taʼkidlanishicha, mazkur tahlil yosh mutaxassislarni tayyorlash va ish bilan taʼminlash sohasida mavjud muammolar va imkoniyatlarni tushunishga yordam beradi.

 

Google Forms platformasidan foydalangan holda oʻtkazilgan soʻrovnoma kichik va oʻrta biznes vakillari, fermer xoʻjaliklari, davlat idoralari, NNT yetakchilari va rahbarlarini qamrab olgan. Unda 23 yoshdan 55+ yoshgacha boʻlgan 828 kishi qatnashgan. Respondentlar soni Oʻzbekistonning turli hududlaridagi aholi soniga mutanosib ravishda taqsimlangan.

 

Soʻrovnoma turli yosh guruhlarini qamrab olgan boʻlib, bu yosh kadrlar bilan hamkorlik qilish tajribasini turli nuqtai nazarlardan koʻrib chiqish imkonini beradi.

 

Respondentlarning 47,5 foizi erkaklar, 52,5 foizi ayollar boʻlib, soʻrovnoma Oʻzbekistonning barcha hududlarini qamrab olgan.

 

Xulosada yozilishicha, ish beruvchilarning taxminan uchdan bir qismi(27,8 foizi) yosh kadrlarda bazaviy bilimlar (OTMda beriladigan) yetarli emasligini taʼkidlaydi. Bu esa taʼlim dasturlarini qayta koʻrib chiqish va talabalarni amaliyotga koʻproq yoʻnaltirish zarurligini koʻrsatadi.

 

29,3 foiz ish beruvchilarning fikricha, yoshlarda mustaqil rivojlanishga boʻlgan motivatsiya past.

 

Soʻrov natijalaridan maʼlum boʻlishicha, rahbarlarning 8,7 foizi mustaqil professional rivojlanishga harakat qilmaydigan, 8,1 foizi tizimli va tanqidiy fikrlay olmaydigan, 4 foizi muloqot koʻnikmalari va 2,9 foizi liderlik sifatlariga ega boʻlmagan yosh kadrlarga duch kelmoqda. Tadqiqotchilarning taʼkidlashicha, bu ragʻbatning yoʻqligi va oʻqish uchun sharoitning yetarli emasligi bilan bogʻliq boʻlishi mumkin.

 

Ish beruvchi respondentlarning 8,3 foizi yosh kadrlarda axborot texnologiyalari bilan ishlash boʻyicha koʻnikmalar yetarli emasligini aytmoqda. Ishtirokchilarning 9,9 foizi boʻlsa yosh xodimlarning chet tillarni bilmasligini tanqid qilgan. Soʻrovnomaning qolgan 1 foiz qatnashchilari boshqa turli xil kamchiliklarni koʻrsatib oʻtgan.

 

Tadqiqotda, shuningdek, hozirda ish beruvchilar yoshlarga qancha miqdorda maosh berishga tayyorligiga ham aniqlik kiritib oʻtilgan.

 

Aksariyat ish beruvchilar yosh mutaxassislarga 4 mln.dan 6 mln.gacha boʻlgan maoshni taklif qilishga tayyorligini bildirgan. Bu eng kam tajribaga ega xodimlar mehnati uchun toʻlanadigan pul miqdorini aks ettiradi.

 

Aniqroq aytilsa, respondentlarning 39,4 foizi – 4-5, 37,9 foizi – 5-6, 11 foizi – 6-8, 6,5 foizi 7-10 mln.gacha mablagʻni yoshlar ish boshlashi uchun maqbul deb biladi.

 

Tadqiqot xulosasida yuqori haq toʻlanadigan vakansiyalar kam uchraydigan holatligicha qolayotgani ochiqlangan. Albatta, 10 mln va undan yuqori maosh toʻlashga tayyor ish beruvchilar ham bor va ular respondentlarning 5,2 foizini tashkil etgan.

 

“Bu esa yosh mutaxassislarning ish boshlagan vaqtda munosib ish haqi olish imkoniyatini cheklaydi”, deyiladi tahliliy maqolada.

 

Xoʻsh, bu jarayonda vaziyatni qanday yaxshilash mumkin?

 

Malakali kadrlarni tayyorlashda yordam berishi mumkin boʻlgan asosiy yoʻnalishlar sifatida ish beruvchilar quyidagilarni tavsiya qilgan:

▪️ 46,6 foiz respondent — mustaqil rivojlanish uchun sharoit yaratish;

▪️ 43,1 foiz respondent — barqaror ish haqi va mukofot yoki grant kabi ragʻbatlantirish tizimi orqali yosh mutaxassislarni ushlab qolish va ularning rivojlanishiga hissa qoʻshish;

▪️ 26,3 foiz respondent — karyerada oʻsish uchun imkoniyat yaratish;

▪️ 18,7 foiz respondent — xorijda malaka oshirishni tashkillashtirish;

▪️ 23,6 foiz respondent — yosh mutaxassislar bilan ishlash strategiyasini yaratish;

 

Qizigʻi, 2,2 foiz respondentdan malakali kadrlarni tayyorlashda yordam berishi mumkin boʻlgan asosiy tavsiyalar soʻralganda javob berishga qiynalgan.

 

Hozirda onlayn platformalar, shaxsiy kontaktlar va bandlikka doir saytlar ish beruvchilar uchun yosh mutaxassislarni qidirishda asosiy manba boʻlib qolmoqda.

 

Jumladan, ishga yollash jarayonida ish beruvchilarning 24,6 foizi kadrlarni OTMlar orqali, 21,6 foizi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi orqali, 13,5 foizi mehnat birjasidan, 3,1 foizi boshqa manbalar orqali izlashini maʼlum qilgan.

 

“Yuksalish” harakati oʻrganish ishlarini yakunlagach oʻz tavsiyalarini quyidagicha keltirib oʻtgan:

▪️ Taʼlim dasturlarini qayta koʻrib chiqish va amaliyot koʻnikmalariga hamda nazariyani amaliyotda qoʻllashga urgʻu berish zarur. Shuningdek, talabalarga oʻqishni tugatgunga qadar kompaniyalarda haqiqiy ish tajribasini toʻplash imkoniyatini beradigan stajirovka va amaliyot dasturlarini ishlab chiqish muhim.

 

▪️ Ish beruvchilar xodimlar uchun ichki oʻquv va rivojlanish dasturlarini ishlab chiqishi, shu bilan birga, tashqi kurslar va treninglarda ishtirok etishni ragʻbatlantirishi mumkin. Buning ichiga onlayn kurslar va mustaqil taʼlim platformalarida oʻqishni ham kiritish mumkin.

 

▪️ Raqobatbardosh mehnat shart-sharoitlari bilan bir qatorda, ijtimoiy va tibbiy imtiyozlarni oʻz ichiga olgan takliflar ish beruvchining salohiyatini oshirishi mumkin.

 

▪️ Ish beruvchilar boʻlajak kadrlarni bozor talablariga tayyorlash uchun oliy oʻquv yurtlari bilan faol hamkorlik qilishi lozim. Bu hamkorlik toʻgʻrisidagi shartnomalar, qoʻshma dasturlar va ish beruvchilarning oʻquv jarayonlarida ishtirok etishini oʻz ichiga olishi lozim. Nodavlat tashkilotlar yosh kadrlarni tayyorlashda muhim rol oʻynaydi, ular qoʻshimcha oʻquv dasturlari va resurslarni taklif qilishi mumkin.

 

▪️ Yosh mutaxassislar oʻzlarini qadrli va eʼtiborga loyiq deb his qilishlari uchun ijobiy korporativ madaniyatni shakllantirish ham muhim ahamiyatga ega.

 

“Ushbu tavsiyalar Oʻzbekistondagi ish beruvchilarga yosh kadrlar salohiyatidan samarali foydalanishda yordam beradi, ularni zamonaviy mehnat bozori talablariga tayyorlaydi”, deyiladi maqolada.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//