Velosipedda harakatlangan fuqarolar ragʻbatlantiriladi

Saqlash
14:20 / 10.02.2025 161 0

2025-yilda aholining salomatligini yaxshilash, ekologik turmush tarzini shakllantirish va inson salohiyatini roʻyobga chiqarish uchun shart-sharoitlarni yaratish borasida bir qator ishlar olib boriladi.

 

Jumladan, aholining kundalik hayotiga ekologik tamoyillarni singdirish orqali mamlakatimizda “Ekofaol fuqaro” hayot tarzini keng targʻib qilishga qaratilgan “Bir million yashil oila” umummilliy harakati yoʻlga qoʻyiladi va aholi orasida targʻib qilish ishlari tashkil etiladi. Bunda uning asosiy tamoyillari etib quyidagilar belgilangan:

▪️ aholi orasida sogʻlom turmush tarzi, xususan, tibbiy madaniyatni oshirish, sogʻlom ovqatlanish, kunlik yurish va yugurishni targʻib qilish;

▪️ “yashil transportda”, shu jumladan, velosipedda harakatlanishni ragʻbatlantirish;

▪️ plastik mahsulotlardan foydalanishni kamaytirish;

▪️ oziq-ovqat isrofgarchiligining oldini olish;

▪️ suv, gaz va elektr energiyasi resurslaridan oqilona foydalanish;

▪️ chiqindilarni turlariga qarab saralashni yoʻlga qoʻyish.

 

Shuningdek, inson salohiyatini yuksaltirish, taʼlim uchun qulay muhit yaratish ishlarini tashkil etish maqsadida 2025/2026 oʻquv yilidan Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim oʻzgarishini oʻrganish universiteti ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi kabi taʼlim yoʻnalishlari va mutaxassisliklari boʻyicha yetakchi oliy taʼlim tashkiloti etib belgilanib, u yerda “sirkulyar iqtisodiyot” taʼlim yoʻnalishida kadrlar tayyorlash amaliyoti yoʻlga qoʻyiladi.

 

“El-yurt umidi” jamgʻarmasi tomonidan esa ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi taʼlim dasturlari asosida taʼlim olish uchun stipendiya tanloviga 20 tagacha kvota ajratib boriladi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//