Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi Davlat tiliga hurmatsizlik qilayotganlikda ayblandi

Saqlash
18:00 / 07.02.2025 37 0

“Milliy tiklanish” DP deputatlarining hududlardagi oʻrganishlari chogʻida Oʻzbek tili fani oʻqituvchilari mehnati munosib baholanmayotgani boʻyicha koʻplab murojaatlar kelib tushgan.

 

Taʼkidlanishicha, Prezidentning 2024-yil 21-fevraldagi 37-sonli Farmonida 2025-yil 1-yanvardan milliy sertifikatga ega “Oʻzbek tili va adabiyoti” fani oʻqituvchilariga ham 50 foiz ustama toʻlanishi belgilangan. Biroq tegishli vazirlikning qaysidir hujjati bilan bu tartib faqat “Ona tili va adabiyot” hamda “Tarix” fanlari oʻqituvchilariga tatbiq etilmoqda.

 

“Davlat tili mavqeyini mustahkamlashni ustuvor vazifa bilgan Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligining bu harakatini Davlat tiliga hurmatsizlik deb baholaydi”, deyiladi munosabatda.

 

“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi kelib tushgan murojaatlarga asoslanib ushbu masala Oliy Majlis Qonunchilik palatasi darajasiga koʻtarilishini va tez orada tegishli vazirliklardan “Deputat soʻrovi” orqali izoh soʻralishini maʼlum qildi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//