Qishloq xoʻjaligi yerlarini ijaraga berishning yangi tizimi yaratiladi

Saqlash
15:25 / 04.02.2025 72 0

Qishloq xoʻjaligi ekin maydonlari unumdorligi oshiriladi. Bu boʻyicha Prezident Farmoni qabul qilindi.

 

Unga koʻra, qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yer uchastkalarini ajratishda, tajriba-sinov tariqasida, ijaraga oluvchilarning mustaqilligi va yuqori qoʻshilgan qiymatga ega ekinlar yetishtirishga asoslangan yangi tizim yaratiladi.

 

Yangi tizim doirasida:

▪️ yer uchastkalari konturlar yaxlitligi va sugʻorish tizimini buzmagan holda 3 gektardan 50 gektargacha boʻlgan oʻlchamlarda “E-auksion”da savdolarga chiqariladi;

 

▪️ elektron onlayn auksion savdolarida yashash joyidan, tashkiliy-huquqiy shaklidan, boshqa yer uchastkasi bor yoki yoʻqligidan qatʼi nazar, barcha jismoniy va yuridik shaxslar (rezidentlar), shu jumladan, chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalar ishtirok etishi mumkin.

 

Yangi tizim doirasida elektron onlayn auksion gʻolibi — ijaraga oluvchi Yer kodeksida belgilangan huquqlar va majburiyatlar bilan birga quyidagi huquqlarga ega boʻladi, jumladan:

▪️ yer uchastkasidan 49 yil ijara huquqi asosida foydalanish;

 

▪️ qishloq xoʻjaligi ekinlarining turlari, navlari va hajmlarini mustaqil ravishda belgilash;

 

▪️ yer uchastkasini ikkilamchi ijaraga berish;

 

▪️ dala chetida 20 sotixdan koʻp boʻlmagan, qishloq xoʻjaligiga xizmat koʻrsatuvchi obyektlarni joylashtirish.

 

Shuningdek, hujjatda yozilishicha, yer uchastkalarini ajratish ishlari 2025-yil 1-martgacha toʻliq yakunlanadi.

 

Yangi tizim birinchi bosqichda 2025-yil bahorgi ekish mavsumigacha belgilangan hududlarda tuman hokimliklari tasarrufida turgan, 2025-yil va undan keyingi yillar hosili uchun paxta va gʻalla ekinlarini yetishtirish nazarda tutilmagan boʻsh turgan yer uchastkalarida joriy etiladi.

 

Yangi tizim samaradorligini muntazam ravishda tahlil qilgan holda, zaruratga koʻra, uni 2025-yilgi kuzgi ekish mavsumi va undan keyingi davrlarda boshqa hududlarga ham tatbiq etish boʻyicha taklif kiritib boriladi.

 

Bunda “Qishloq xoʻjaligida yer islohotlarini amalga oshirish loyiha ofisi” hamda belgilangan hokimliklar huzurida “Ijaraga berilgan qishloq xoʻjaligi yerlariga xizmat koʻrsatish direksiyasi” davlat korxonalari tashkil etiladi.

 

Organik mahsulotlar yetishtirish uchun esa Global G.A.P, GMP, FSCC, HACCP, Halal, Organic va boshqa xalqaro darajada tan olinadigan sertifikatlarni olgan dehqon, fermer xoʻjaliklari va qishloq xoʻjaligi korxonalariga ijaraga berilgan yer uchastkalari uchun 2028-yil 1-yanvargacha yer soligʻi 50 foiz miqdorida toʻlanadi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//