Endi sotuvchi mahsulotni oʻz vaqtida yetkazmasa xaridorga penya toʻlaydi

Saqlash
13:14 / 04.02.2025 50 0

Bugun Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilishga qaratilgan qonun loyihasi ikkinchi oʻqishda moddama-modda koʻrib chiqildi.

 

Maʼlum boʻlishicha, ushbu qonun loyihasi bilan sotuvchi isteʼmolchiga shartnomada koʻrsatilgan muddatlarda tovarni topshirmagan taqdirda, majburiyatni bajarilmagan qismiga penya toʻlashi nazarda tutilgan. Bunda penya summasi yetkazib berilmagan tovarlar bahosidan ortiq boʻlmasligi kerak.

 

Hujjatga koʻra, penyani toʻlash shartnoma majburiyatlarini buzgan sotuvchini tovarlarni yetkazib berish muddatlarini kechiktirib yuborish, toʻliq yetkazib bermaslik oqibatida yetkazilgan zararni qoplashdan ozod etmaydi.

 

Munozaralar davomida qonun loyihasini ikkinchi oʻqishga tayyorlash jarayonida masʼul qoʻmita tomonidan bir qator yigʻilishlar, seminarlar oʻtkazilgani, ularda deputatlar tomonidan berilgan barcha takliflar chuqur tahlil qilingani qayd etildi. Asosli deb topilgan takliflar hujjat matnida aks ettirilib, loyiha har tomonlama pishiq-puxta holatga keltirilgani va maromiga yetkazilgani taʼkidlandi.

 

Deputatlarning fikricha, qonun loyihasining qabul qilinishi aholining qonuniy manfaatlarini isteʼmolchi sifatida huquqlarini himoya qilish va oldi-sotdi shartnomasiga muvofiq sotuvchi shartlashilgan muddatda yoki muddatlarda tovarlarni isteʼmolchiga topshirmasligi kabi holatlarning oldini olishga xizmat qiladi.

 

Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan ikkinchi oʻqishda qabul qilingan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//