Jamiyat
31-yanvar kuni Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbari Otabek Hasanov boshchiligida vazirlik idoralari va nodavlat tashkilotlarning maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha masʼul xodimlari bilan uchrashuv oʻtkazildi.
Yigʻilishning birinchi qismi 2024-yilda amalga oshirilgan ishlar tahlili va 2025-yilga moʻljallangan rejalarga bagʻishlandi. Otabek Hasanov maktab va universitetlarda tadbir va maʼnaviyat soʻzlari sinonimga aylangani haqida gapirib, tadbirlar boʻyicha raqamlarga toʻxtaldi.
“Faqat tadbirlar bilan inson maʼnaviyatli boʻlib qolmaydi. Yaqinda 200 ta OTM talabalari oʻrtasida soʻrovnoma oʻtkazganimizda maʼnaviyat oʻzi nima, degan savolga aksariyat talabalar “tadbir” degan javob yozib berishdi. Maʼnaviyatni shu darajaga olib tushib qoʻyibmiz. OTMlar bizga “2024-yilda 130 mingta tadbir oʻtkazildi, deb maqtanyapti. Bu degani har 3 kunda tadbir boʻlganini bildiradi. Oʻquvchilar tadbirdan ortib, qachon oʻqiyman, qachon oʻz sohamda rivojlanaman, deb dod deyapti. Yaʼni, baʼzi bir tadbirlarning foydalilik koyefitsenti 0 ga teng”.
"Rahbarlar oʻzgarsa, jamiyat ham oʻzgaradi"
Vazirlik-idoralar boʻyicha “Har bir davlat xizmatchisi – maʼnaviyat targʻibotchisi” gʻoyasi asosida real holatlar tahlil qilinar ekan, Hasanov yuqoridagi holat takrorlanmasligi uchun nima qilishimiz kerak, degan savolni oʻrtaga tashladi.
Hasanovga koʻra, Oʻzbekistonda 4000 nafar rahbar bor. Agar birinchi rahbarning oʻzini dunyo qarashi va maʼnaviyati yaxshi boʻlmasa, tashkilot muhiti ham oʻzgarmaydi. 4000 nafar rahbar 118 ming nafar davlat fuqarolik xizmatchisini boshqaradi. Ular esa 2,5 million davlat xizmatchisini boshqaradi. Davlat xizmatchisi – militsiyadan to obodonlashtirish xodimigacha boʻlgan, davlatdan oylik oladigan hamma. 2,5 millionni qarindoshlarini bogʻlaganda ular 17 yarim million odamga taʼsir qiladi. Bir soʻz bilan aytganda, 4000 nafar rahbarning dunyo qarashi oʻzgarib, jamoaviy muhitni oʻzgartirsa, ular deyarli butun jamiyatga taʼsir oʻtkaza oladi. Demak, uchrashuvga 118 ming nafar insonga taʼsir qiloladiganlar yigʻilgan va ular orqali jamiyatni ijobiy tomonga oʻzgartirish mumkin. Lekin buning uchun birinchi navbatda rahbarlarning oʻzini dunyoqarashi va maʼnaviyati oʻzgarishi zarur.
Davlat xizmatchilarining teatrlarga tashrifi platformalar orqali baholanadi
Madaniyat vazirligi 41 ta teatrdan olgan davlat xizmatchilarining spektaklga tushishiga oid tahlil natijalariga koʻra, ular 1-yil davomida ayrim vazirlik va idoradan bironta davlat xizmatchisi teatrga bormagan.
“Menga endi teatrga borganingizning hisoboti kerakmas, hisobot bermaysizlar. Sizlarni oddiy platformada baholab boramiz. Qachon, qaysi davlat xizmatchisi teatrga borganini 41 ta teatrning oʻzidan olamiz. Buning uchun oddiy QR-kod oʻrnatiladi. Telefon bilan skaner qilinishi orqali qaysi tashkilotdan kim kelganini bilib olamiz. Muzeylar bilan ham xuddi shunday” – deydi Hasanov.
“Eng maʼnaviyatsiz vazirliklar” reytingi yuritiladi
Otabek Hasanov Markaz tomonidan 4-yildan buyon “Eng namunali vazirlik” tanlovi oʻtkazib kelinayotgani, 2024-yilda 25 ta vazirlik, idora va tashkilotlardan bor yoʻgʻi 17 tasi ishtirok etgan.
“Chunki u ixtiyoriy edi. Qolganlar qatnashmagan, chunki qoʻrqqan. Lekin bundan buyogʻiga xohish boʻlmaydi, hamma qatnashadi! “Eng maʼnaviyatsiz vazirlik” deb nomlangan reyting eʼlon qilamiz. Uni barcha tarmoqlarda aylantirib, maʼnaviyatsiz vazirlikda ahvol shunday ekan, degan status beramiz. Shu bilan birga, eng maʼnaviyatli vazirlik deb ham eʼlon qilamiz. Bu yil xohish-istaklaringizni hisobga olmaymiz. Unda hamma qatnashadi” – deydi Hasanov.
Markaz rahbari bu yerga shuncha ishdan ozod boʻlib, faqat bir-birimizni maqtash uchun emas, oʻrganilgan tahlillarning tanqidiy natijalari muhokamasi uchun yigʻilganini taʼkidladi.
“...Transport vazirligiga maʼnaviyat umuman muhim emasmi? Haligacha styuardessalaringiz oʻzbek tilini yaxshi bilmaydi. Aeroportga chiqsangiz, oʻzbek tilida filmlar va maʼlumotlar soni juda kam boshqa tillarga nisbatan. Sizlar esa 4-yildan buyon umuman ishtirok etmaysizlar – dedi Hasanov 4-yildan buyon maʼnaviyat tadbirlarida ishtirok etmayotgan vazirlik va idoralarni sanab, Transport vazirligidan kelgan vakilga qarata.
Suhbat davomida vazirlik va idoralarda maʼnaviyat sohasiga oid aniqlangan muammo va kamchiliklar raqamlarda koʻrsatildi. Unga koʻra, 9 ta vazirlik va tashkilotlarda maʼnaviyat va maʼrifat kengashlari tuzilmagan yoki faoliyat yuritmayapti. 13 ta vazirlik va idoralarda maʼnaviy-maʼrifiy ishlar uchun masʼul xodimlarning malakasi oshirilmagan. Ish rejasi mavjud emas. 13 ta tashkilotda kutubxonalar “nomiga” mavjud, yoki ulardan boshqa maqsadlarda foydalanilmoqda. 7 ta tashkilotda davlat tilida hujjatlar yuritishda kamchiliklar mavjud. 10 ta tashkilotda “Maʼnaviyat va maʼrifat” xonasi mavjud emas yoki jihozlanmagan. 5 ta vazirlik va idoralarda xizmatchilarning etika va kiyinish madaniyatiga rioya etmaslik holatlari qayd etilgan.
Yigʻilishda tashkilotlardagi ijobiy natijalarga ham toʻxtab oʻtildi. Unga koʻra, tanlovda 1-oʻrin egallagan Qishloq xoʻjaligi vazirligiga damas avtomobili berilib, kutubxona tashkil etilgan. Olmaliq-kon metallurgiya kombinati ishchilari boʻsh vaqtida dam oladigan joyida kichik kutubxona-budka tashkil etilib, u yerda Jadid gazetasi, Tafakkur jurnali mavjudligi, hatto, tamaki chekish uchun alohida joylarda ham kitoblar borligi alohida eʼtirof etildi.
“Koʻrib, qoyil qoldim. Ular injener, texnik sohada ishlaydi. Ularni hech kim majburlamasa ham mutola uchun vaqtini ajratyapti. Lekin gumanitar yoki boshqa sohada faoliyat yuritadiganlarda bunga koʻzingiz tushmaydi” – deydi Hasanov.
Shuningdek, 2024-yilning avgust-noyabr oylarida 35 ta vazirlik idoralarini ishchi guruh oʻrgangan. Aniqlanishicha, Prokuratura tizimi xizmatchilari kompyuterini har kuni 5 ta savolga javob berish orqaligina yoqa oladi. Savollar mamlakatdagi siyosiy yangiliklar bilan bogʻliq boʻlib, bir kun avval kechqurun tizimga kiritiladi.
Uchrashuv davomida Otabek Hasanov yuqoridagi muammolardan kelib chiqqan holda, jamiyatning ongini va maʼnaviyatini yanada oshirish, kitobxonlik va madaniy hordiq madaniyatini yuksaltirishga qaratilgan bir qator takliflarni sanab oʻtdi. Xususan, teatr, kino va muzeylarga jamoaviy tashriflarni tashkil etish, milliy tarix va qadriyatlarni targʻib qiluvchi asarlarga eʼtibor qaratishni kuchaytirish tavsiya etildi
Jamoada “guruhbozlik“ kabi illatlarni oldini olish choralarini koʻrish, ijtimoiy tarmoqlarda maʼnaviy-maʼrifiy targʻibotni kuchaytirish, rasmiy axborot manbalariga xodimlarning kirish imkoniyatlarini kengaytirish taklif etildi. Tashkilot xodimlarining kiyinish madaniyatini tegishli normalarga moslash maqsadida, davlat xizmatchisi etikasi va kiyinish madaniyati boʻyicha trening va maʼruzalar tashkil qilish, kiyinish odobiga rioyani nazorat qilish tavsiya etildi.
Bundan tashqari, “Maʼnaviyat va maʼrifat” xonasi, maxsus kutubxona va mutolaa burchaklarini tashkil etish, “Maʼnaviy-maʼrifiy ishlarni eng yaxshi yoʻlga qoʻygan tashkilot” tanlovini oʻtkazish, vazirlik va idoralar uchun maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha tavsiya-qoʻllanma tayyorlash hamda tadbirbozlik tizimidan gʻoyaviy, mafkuraviy targʻibot tizimiga oʻtish taklif qilindi.
Shuningdek, “Maʼnaviyat marafoni”ni tashkil qilish, 2025-yildan boshlab vazirlik va idoralarda maʼnaviy-maʼrifiy ishlar holati boʻyicha reyting joriy etish va “Shaxsiy rivojlanish dasturi”ni ishga tushirishni bosqichma-bosqich tatbiq etish gʻoyasi ilgari surildi.
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q