Oʻzbekiston Respublikasining Suv kodeksi qabul qilinadi

Saqlash
12:39 / 31.01.2025 39 0

Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida “Oʻzbekiston Respublikasining Suv kodeksini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi ikkinchi oʻqishda moddama-modda koʻrib chiqildi.

 

Maʼlum boʻlishicha, deputatlar kodeks loyihasini ikkinchi oʻqishga tayyorlash davomida suvga doir munosabatlarni tartibga solish sohasida masʼul organlarning vakolatlari, vazifa va funksiyalarini aniq belgilash, suv xoʻjaligida davlat-xususiy sheriklik mexanizmlarini kengaytirish, suvdan foydalanish uchun ruxsatnoma berish shartlarini soddalashtirish, suvni isteʼmolchilar orasida taqsimlashning yangi mexanizmlarini joriy etishga alohida ahamiyat qaratgan.

 

Qayd etilishicha, Qonunchilik palatasining joriy yil 24-yanvar kuni boʻlib oʻtgan majlisida kodeks loyihadagi ayrim normalar, yaʼni suv olish tartibini buzganlik uchun jarima sanksiyalari bilan bogʻliq masalalar deputatlarning eʼtirozli savollariga sabab boʻlib, xalq vakillari tomonidan bir qator takliflar berilgan edi.

 

Oʻtgan davrda masʼul qoʻmita tomonidan ushbu takliflar chuqur tahlil qilingan va ular asosida loyiha har tomonlama pishiq-puxta holatga keltirilib, maromiga yetkazilgan.

 

Deputatlarning fikricha, kodeks loyihasining qabul qilinishi suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish, sohaga investitsiyalarni jalb qilish, texnologik modernizatsiya qilishni ragʻbatlantirishga xizmat qiladi.

 

Majlisda kodeks loyihasi deputatlar tomonidan uchinchi oʻqishda qabul qilingan va Senatga yuborilgan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//