Kartoshka importi uch yilga bojxona toʻlovidan ozod qilinadi

Saqlash
17:22 / 30.01.2025 105 0

 

Prezident Shavkat Mirziyoyev 30-yanvar kuni tomorqada va ijaraga berilgan ekin yerlarida daromadli mahsulot yetishtirishning yangi tizimi boʻyicha yigʻilish oʻtkazdi.

 

Omilkorlik va tarkibiy oʻzgarishlar tufayli qishloq xoʻjaligi maydonlaridan moʻl hosil olinmoqda. Shu bilan birga, boshqa yerlarni ham “iqtisodiy aktiv”ga aylantirish, odamlarni ishli qilib, daromadini oshirish choralari koʻrilayapti.

 

Masalan, 5 milliondan ziyod xonadonda 508 ming gektar tomorqa, avval tashkil etilgan dehqon xoʻjaliklarida 17 ming gektar va soʻnggi yillarda aholiga tarqatilgan 260 ming gektar yer bor. Bu oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlashda eng katta zaxira.

 

 

Oʻtgan 7-yilda tomorqa egalari va dehqon xoʻjaliklarini qoʻllab-quvvatlash uchun jami 2,3 trillion soʻm imtiyozli kredit va 265 milliard soʻmlik subsidiya berilgan. Odamlarning koʻnikmasidan kelib chiqib, 5 145 ta mahalla meva-savzavot yetishtirish, koʻkatchilik, limonchilik kabi yoʻnalishlarga ixtisoslashtirilgan.

 

Eng asosiysi, odamlar yerga ishlashni, zamonaviy agrotexnologiyalarni qoʻllashni yaxshi oʻrgandi. Ilgari tomorqada gektaridan oʻrtacha 18 tonna mahsulot olingan boʻlsa, hozirda bu 2 karra oshib, 38 tonnaga yetdi.

 

Mahallalarda qoʻshimcha 470 ming tonna meva-sabzavotni saqlash, saralash va qayta ishlash quvvatlari yaratildi. Bu borada yaxshi tajriba yaratgan tuman va mahallalar juda koʻp. Asaka, Jondor, Shahrisabz, Uychi, Qiziltepa, Yangiyoʻl, Toyloq, Angor, Quva, Oltiariq kabi oʻnlab tumanlarda odamlar tomorqadan 2-3-marta hosil olib, bir sotixdan oʻrtacha 15-20 million soʻm daromad topayapti.

 

Bunday ishlarni boshqa joylarda ham rivojlantirish uchun aholi, qayta ishlovchilar va eksportchilarning takliflari oʻrganildi.

 

Masalan, samarqandlik bogʻbonlar uzum koʻchatini shpalerga oʻtkazish uchun subsidiya berishni soʻragan. Bunday usulda hosil 2 karra oshadi. Bu qoʻllab-quvvatlanib, har bir shpaler uchun 15 ming soʻmgacha subsidiya ajratiladigan boʻldi. Shuningdek, mayizni osma usulda quritish uskunalari uchun oilaviy tadbirkorlik dasturi doirasida imtiyozli kredit berilishi aytildi.

 

Surxondaryo viloyati Denov tumanidagi Tasmasoy mahallasida 875 ta xonadon tomorqasida sitrus meva koʻchati va limon yetishtirib, har biri yiliga 200 million soʻmgacha daromad olayapti. Sariosiyo va Oltinsoydagi mingdan ziyod xonadonlar ham “handak” va “termos” usulida limon yetishtirish tashabbusini bildirgan.

 

Yangiyoʻllik dehqonlar ham oʻzimizning koʻkat urugʻlari yoʻqolib ketgani, sifatli nav yetishmasligini aytgan. Bular boʻyicha vaziyatni oʻnglash, aholi tashabbuslarini amalga oshirish yuzasidan koʻrsatmalar berildi.

 

Davlat rahbari tomorqa va dehqonchilik yerlarida yuqori daromadli va eksportbop ekinlar ekish, ularning hisobini yuritish va moliyalashtirish boʻyicha yangi tashabbuslarni maʼlum qildi.

 

Yana bir yangilik – Qishloq xoʻjaligi jamgʻarmasidan meva-sabzavot yetishtirish va qayta ishlash loyihalariga kredit ajratishda garov talab qilinmaydi. Bunda sugʻurta polisining oʻzi yetarli boʻladi. Dehqonlarga ortiqcha hujjatlarsiz imtiyozli kredit beriladi.

 

Yerdan samarali foydalanib, bir sotixda 5 million soʻmdan yuqori rasmiy daromad olayotgan dehqonlarga yer soligʻining 90 foizi “keshbek” sifatida qaytarib beriladi. Aksincha, tomorqasiga ekin ekmaganlardan yer soligʻi oshirilgan miqdorda undiriladi.

 

Bu yil kartoshkachilikni rivojlantirish uchun Qishloq xoʻjaligi jamgʻarmasidan 400 milliard soʻm yoʻnaltiriladi. Chetdan olib kelinadigan urugʻlik kartoshka uch yilga bojxona bojidan ozod qilinadi. 2027-yildan kartoshkaga ehtiyoj toʻliq ichki imkoniyat hisobidan qoplanishi rejalashtirilgan.

 

Yigʻilishda davlat rahbari hududlardagi usta dehqonlar va tomorqa egalari bilan muloqot qildi. Ulardan biri – hovlisidagi issiqxonada yiliga 4-marta hosil olib, yuqori daromad topayotgan qoraqalpogʻistonlik Genjimurat Turdimuratov “Doʻstlik” ordeniga loyiq koʻrildi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//