O‘zbekistonning ilk “O‘zbek madaniyati elchisi” yaponiyalik qo‘shiqchi bo‘ldi

Saqlash
16:02 / 30.01.2025 55 0

O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi hamda Yaponiya elchixonasi bilan hamkorlikda yaponiyalik taniqli qo‘shiqchi va sozanda – Komazaki Mashuni “O‘zbek madaniyati elchisi” etib tayinlash marosimi o‘tkazildi.

 

Madaniyat vazirligi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, elchi Muhsinxo‘ja Abdurahmonov «O‘zbek madaniyati elchisi», degan maqom birinchi bo‘lib Yaponiya fuqarosiga berilgani ikki davlat o‘rtasidagi madaniy aloqalarni rivojlantirishga katta e’tibor qaratilayotganini ifoda etishini ta’kidlagan. Shuningdek, bu ishonch Komazakiga Yaponiyada O‘zbekistonning madaniyati va san’atini bundan-da keng targ‘ib qilishida keng imkoniyatlar yaratib berishini aytgan.

 

 

Mashu Komazaki bunday sharafli maqomni xorijiy fuqarolar orasida birinchi bo‘lib olganidan benihoya baxtli ekanini bildirib, berilgan yuksak ishonch uchun O‘zbekiston Hukumatiga minnatdorchilik bildirdi. “O‘zbek madaniyati elchisi” maqomi uning keyingi faoliyatida katta imkoniyatlar yaratishi bilan bir qatorda katta mas’uliyat ham yuklashini ma’lum qildi.

 

Tadbir davomida elchixona bilan hamkorlikda Yaponiyada mamlakatimizning madaniy salohiyatini keng targ‘ib qilib borish, qo‘shma loyihalarini amalga oshirish, OAVda O‘zbekiston haqida ko‘rsatuvlar tayyorlash va maqolalar chop qilish bo‘yicha kelishib olingan.

 

Eslatib o‘tamiz, Mashu Komazaki 1988-yil Tokio shahrida tug‘ilgan, Tokio musiqa universiteti fortepiano fakultetini tamomlagan. 2015-2017-yillarda Yaponiyaning xorijdagi hamkorlik ko‘ngillilari (JOCV) dasturi bo‘yicha Buxoro shahridagi o‘rta umumta’lim maktabida ko‘ngilli ravishda musiqa o‘qituvchisi sifatida faoliyat yuritgan. O‘zbekistondagi faoliyati davomida milliy musiqamizdan tahsil olib, o‘zbek dutorini chalishni o‘rgangan. 2024-yilda O‘zbekistonda bo‘lib o‘tgan “Sharq taronalari” xalqaro musiqa va “Boysun bahori” xalqaro folklor festivallarida uchinchi o‘rinni egallagan.

 

 

 

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//