Siyosat
Uch davlat bir-birining suvereniteti, hududiy yaxlitligi va chegaralarining daxlsizligini qatʻiy qoʻllab-quvvatlashlari tasdiqlovchi Anqara deklaratsiyasini imzoladi.
Turkiya prezidenti 29-yanvar kuni Oʻzbekiston va Ozarbayjon delegatsiyalarini qabul qildi. Uchrashuvda Oʻzbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov Prezident Shavkat Mirziyoyevning maktubini Turkiya rahbariga yetkazdi.
“Oʻzbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev janobi oliylarining eng samimiy salomlari va maktubini yetkazdik. Rahbarlarimiz oʻrtasida oʻrnatilgan birodarlik rishtalari har bir sohada yaqin hamkorlik qilish uchun eng mustahkam poydevor yaratmoqda. Ming yillik tarix, anʻana va urf-odatlar bilan bogʻliq boʻlgan xalqlarimiz farovon kelajakni barpo etish yoʻlida bir-biri bilan yaqindan hamkorlik qilmoqda”, deb yozdi Baxtiyor Saidov Telegramʻdagi sahifasida.
Oʻzbekiston TIV rahbari Anqarada Turkiya va ozarbayjonlik hamkasblari bilan uch tomonlama forumda ishtirok etdi. Forum oldidan Hakan Fidan va Jeyhun Bayramov bilan birgalikda uchrashuv oʻtkazildi.
“Oʻzbekiston, Ozarbayjon va Turkiya Tashqi ishlar vazirliklari mamlakatlarimiz oʻrtasidagi doʻstlik, hamkorlik va farovonlik rishtalarini chuqurlashtirishga intilishda hamfikrdir. Bizning umumiy salohiyatimiz juda katta va yelkama-yelka hamkorlikda kelajak avlodlar uchun cheksiz imkoniyatlar ochadi”, degan Saidov.
Baxtiyor Saidovning qayd etishicha, tashqi ishlar, savdo, iqtisodiyot va transportga masʻul vazirlar bilan birgalikdagi ikkinchi uch tomonlama uchrashuvdagi muhokamalar keng qamrovli boʻlib, eng dolzarb masalalarni hal etish va mamlakatlar uchun eng qulay shart-sharoitlarni yaratish bilan birga turli toʻsiqlarni bartaraf etish boʻyicha aniq qadamlarni belgilab berdi.
Mazkur yigʻilishda Oʻzbekiston nomidan tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov, investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov hamda transport vaziri Ilhom Mahkamov ishtirok etdi.
Bunday formatdagi uchrashuvlarning birinchisi 2022-yil 2-avgust kuni Toshkentda oʻtkazilgan edi.
Uchrashuvning asosiy natijasi xalqlarning barqaror rivojlanishi uchun doʻstlik va hamkorlikni mustahkamlash yoʻlidagi muhim qadam boʻlgan Anqara deklaratsiyasining imzolanishi boʻldi. Mazkur deklaratsiyada, jumladan, transport va mintaqaviy aloqalar sohasidagi hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar rejasi belgilangan.
Deklaratsiyada uch davlatning bir-birining suvereniteti, hududiy yaxlitligi va chegaralarining daxlsizligini qatʻiy qoʻllab-quvvatlashlari tasdiqlanadi, BMT Nizomi va xalqaro huquqning umumtan olingan prinsip va normalariga rioya qilishlarini qayd etadi. Unda, shuningdek, uch davlat oʻzaro ishonch va hurmat tamoyillariga asoslangan yaqin strategik sheriklik va hamkorlikni rivojlantirish borasida keyingi qadamlarni qoʻyishga tayyorligi qayd etildi.
Anqara deklaratsiyasini imzolash jarayonida tomonlar infrastrukturaga oid masalalar, bojxona amaliyoti, qonunchilik mutanosibligi, elektron xizmatlarni kengaytirish, savdo yoʻnalishidagi toʻsiqlarni bartaraf qilish hamda hamkorlikdagi loyihalar yuzasidan kelishib oldi.
Uch tomonlama uchrashuvdan soʻng Baxtiyor Saidov Turkiya tashqi ishlar vaziri Hakan Fidan bilan alohida uchrashuv oʻtkazdi. Muhokamalar strategik hamkorlik munosabatlarini kengaytirish, savdo aylanmasini oshirish, xalqlar oʻrtasidagi aloqalarni mustahkamlashga qaratildi.
Siyosat
Madaniyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Siyosat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q