Jamiyat
Har bir ota-ona farzandining zoʻr olim yoki buyuk sportchi boʻlishini xohlaydi. Toʻgʻrimi? Xoʻsh, qobiliyatni aniqlashda qandaydir mezon bormi?
Taʼkidlanishicha, isteʼdodli bolalar bir qator xususiyatlarga ega boʻladi. Iqtidorning oʻzi ham bir nechta turga boʻlinadi. Uni koʻrish uchun aynan mutaxassis boʻlish shart emas. Ota-onalar ham farzandlarining qobiliyatlarini mustaqil ravishda aniqlashi va hatto ularning qobiliyatlarini rivojlantirishi mumkin.
Iqtidorli bolalar tengdoshlariga oʻxshamaydi. Ularning rivojlanish bosqichlari boshqacha kechadi. Bu quyidagi jihatlarda oʻzini namoyon qiladi:
1. Intellekt — Bolalar tashqi dunyodan olingan maʼlumotni, hatto erta yoshda ham yaxshiroq va tezroq eslab qolishadi. Bu oʻzini umumiy bilimda yoki talaba uchun maʼlum bir qiziqish sohasida namoyon qilishi mumkin.
2. Jismoniy salohiyat — Ayrim oʻgʻil bolalar tengdoshlariga qaraganda faolroq, chaqqonroq va kuchliroq boʻladi. Bunday qobiliyati bor kichkintoylardan mashhur sportchilar chiqishi mumkin.
3. Xulq-atvor — Baʼzi bolalar koʻpincha bezovtalanadi. Ular hatto bogʻchada ham, maktabda ham zerikadi. Ularning qiziqishi qayerda boʻlsa, qobiliyati ham shu soha bilan bogʻliq boʻlishi mumkin.
4. Shaxsiyat — koʻpgina bolalar dunyoni tezroq oʻrganadi va psixologik jihatdan yaxshi rivojlanadi. Ular tengdoshlariga qaraganda ancha “yetuk” boʻladi va doimiy ravishda oʻzini oʻzi anglashga, rivojlantirishga harakat qiladi.
Yuqorida keltirilganlarning hammasini ham boladan izlash mantiqsizlik aslida. Aynan qaysi jihat borligini esa ularga taalluqli oʻyinlar orqali bilish mumkin.
Afsuski, hozirgi vaqtda iqtidorning aniq tasnifi mavjud emas, biroq psixologlar besh turdagi iqtidorli odamlarni namuna sifatida keltiradi:
▪️ Aqliy salohiyati yuqori insonlar — ular diqqatning yuqori konsentratsiyasi, maʼlumotlarni qayta ishlash va tahlil qilish qobiliyati bilan ajralib turadi. Bunday isteʼdod egalari juda kuzatuvchan boʻladi. Yuqori darajadagi intellektual qobiliyatini esa birgina suhbat orqali bilib olish mumkin.
▪️ Akademik salohiyati yuqori insonlar — Ular maktabda yaxshi oʻqiydi va baholari orqali tengdoshlaridan yaqqol ajralib turadi. Ushbu toifadagi “moʻjizaviy” bolakaylar bir yil ichida bir nechta sinflar dasturini oʻzlashtira oladi. Chunki ular kuchli xotiraga ega va oʻqishni nihoyatda yaxshi koʻradi.
▪️ Ijodiy salohiyati yuqori insonlar — Ular zamonaviy fikrlaydi va hamma narsaga ijodiy yondashadi. Bu turga mansub bolalar yaxshi surat chizadi. Sheʼr yozishni biladi va qoyilmaqom raqsga tusha oladi. Ularda aktyorlik qobiliyati yaxshi rivojlangan boʻladi.
▪️ Ijtimoiy salohiyati yuqori insonlar — Ular har qanday odam bilan til topishib ketadi. Yoshmi, qarimi, barchaga birdek el boʻladi. Bunday odamlar bagʻrikeng boʻlish bilan birga, ularda liderlik qobiliyati yashiringan boʻladi.
▪️ Psixomotor qobiliyati bor insonlar — Ular erta yoshdanoq jismoniy faoliyatga moyil boʻladi. Bunday bolalar sport mashgʻulotlariga va turli xil sport turlariga qiziqadi. Natijada, ularning tanasi yanada kuchli, harakatchan va epchil boʻladi.
Xoʻsh, iqtidorli bolani qanday aniqlash mumkin?
Iqtidorli boʻlishga irsiyat ham taʼsir qiladi. Tarbiya esa u bilan uygʻunlashadi.
Mutaxassislarning aytishicha, iqtidor maktabgacha yoshda oʻzini namoyon qiladi (taxminan 50% hollarda).
Ochigʻi, bolada iqtidor bor yoki yoʻqligini aniq aytishning iloji yoʻq. Ammo bilishga qisman yordam beradigan testlar mavjud, Masalan, Stenford testi bolalarda intellektual rivojlanish sohasidagi iqtidorni aniqlash imkonini beradi. Ijodkorlik esa Torrance testi yordamida baholanadi. Ota-onalar bu sinovlarni mustaqil ravishda qilishlari qiyin.
Eng yaxshisi, bolani kuzatish. U nimaga qiziqyapti? Qaysi mashgʻulotni qilishni yoqtiradi? Nima haqida gapirib bersangiz, jim boʻlib tinglaydi? Hamma-hammasini hisobga olish kerak.
Umumiy qarashda, isteʼdodli bolalarning tili erta chiqadi. Gapning mazmunini tez ilgʻab oladi. Yaxshi xotiraga ega boʻladi. Tanqidiy fikrlay oladi. Soʻzlash jarayonida murakkab iboralarni, mubolagʼalarni koʻp ishlatadi. Hikoya toʻqishga usta boʻladi. Qiyin vaziyatda oson yechim beradi. Bilimni yuzaki oʻrganmaydi. Xullas, yana koʻpgina jihatlarni sanab oʻtish mumkin, lekin sanalganlarning birortasi farzandingizda boʻlmasa, bu uning iqtidorli emasligini anglatmaydi.
Mutaxassislar isteʼdodli bolalar maktabda ham, maktabgacha taʼlim muassasalarida ham noqulayliklarga duch kelishini aytadi. Chunki ularni tushunish qiyin. Jamiyat ham, aksiga olib, ularni qabul qilmaydi. Maktablarda esa ular oʻzlarini toʻliq namoyon qila olmaydi. Boisi, ularning qobiliyatini tartib-qoidalar cheklab qoʻyadi. Bunday bolalar esa nimani toʻgʻri deb bilsa, oʻshani qiladi.
Iqtidorli bolalar doim koʻp savol beradi. Oʻzlarini kimgadir koʻrsatib qoʻyishni, nimanidir isbotlashni xohlaydi.
Tahlilchilar isteʼdodli bolani tarbiyalashda avvalo ota-onalar ruhan tayyor boʻlishi kerak deya uqtiradi. Kattalar doim bolani kuzatib borishi, ularning qiziqishlarini oʻrganishi va layoqatiga qarab yoʻnalish berib turishi lozimdir.
Eng muhimi bolani qoʻllab-quvvatlashni bilish kerak. Uning fikrini inobatga olish esa bolaning ham fikran, ham ruhan oʻsishiga yordam beradi.
Siyosat
Madaniyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Siyosat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q