Olimlar oilada qaysi farzand halolroq boʻlishini aniqladi

Saqlash
17:46 / 27.01.2025 1086 0

Oʻrtancha farzandlar toʻngʻich yoki kenjaga qaraganda kirishimliroq boʻladi.

 

Kanadalik olimlar tomonidan bolalar kelajakda qanday shaxsiy xususiyatlarga ega boʻlishi tadqiqot orqali oʻrganildi.

 

Taʼkidlanishicha, insondagi fazilatlarning paydo boʻlishida oiladagi farzandlarning soni va qaysi vaqtda tugʻilgani muhim rol oʻynaydi.

 

Professor Maykl Eshtonning soʻzlariga koʻra, koʻp bolali oilada tugʻilib, tarbiyalangan odamlar koʻproq kirishimli va kamtar boʻladi.

 

“Biz korporativ xususiyatlar oʻrtancha farzandda koʻproq boʻlishini aniqladik. Undan keyingi oʻrinlarda kenja, toʻngʻich va oxirida yolgʻiz farzandlar turadi”, deydi u.

 

Mutaxassislar tadqiqot davomida 2 ta guruh ustida tajriba oʻtkazishdi. Sinov jarayoniga jalb qilinganlarning aksariyati Kanada, AQSh, Avstraliya va Buyuk Britaniyadan boʻlgan.

 

Tadqiqotning maqsadi shaxsiyat va tugʻilish tartibi oʻrtasidagi bogʻliqlikni aniqlash edi. Bu jumboq olimlar tomonidan yillar davomida oʻrganilib kelinayotgan edi.

 

Xullas, 700 ming nafar ishtirokchidan iborat guruhdan tugʻilish tartibini (masalan, birinchi, oʻrta va oxirgi, shuningdek, yolgʻiz farzandmi yoki yoʻqligi) koʻrsatish soʻralgan. Tadqiqotda aka-uka, opa-singillar, biologik jihatdan bogʻliqligidan qatʼi nazar, bir oilada oʻsgan bolalar sifatida belgilangan.

 

Respondentlardan taxminan 20 yil oldin yaratgan HEXACO shaxsiyat inventarizatsiyasi deb nomlangan batafsil shaxsiy soʻrovnomani toʻldirish soʻralgan.

 

Maʼlum boʻlishicha, bu inventarizatsiya shaxsiyatning oltita asosiy xislatini oʻlchaydi (masalan, samimiylik, kamtarlik, halollik kabi). Shuningdek, bunday xislatlarga oʻz manfaatini ustun qoʻymaslik, qoidalarga sodiqlik kabilar ham kiritilgan.

 

Xulosaga koʻra, xushmuomalalik toifasidan yuqori ball olganlar, past ball olganlarga qaraganda aybni osonroq kechiradi va kamroq hukm chiqaradi. Ular murosaga kelishga hamda boshqalar bilan hamkorlik qilishga tayyor. Bunday insonlar oʻz jahllarini osongina boshqara oladi.

 

Tadqiqotchilar aniqlashicha, halollik, kamtarlik va qanoat qilish xislatlari tugʻilish tartibi bilan gʻoyatda bogʻliq. Jumladan, oʻrtancha farzandlar bu kategoriyalar boʻyicha eng yuqori ball toʻplagan. Kenja farzandlar esa bunda ikkinchi, toʻngʻichlar esa 3-oʻrindan joy olgan. Yolgʻiz farzandlar esa eng yomon koʻrsatgich qayd etgan.

 

“Kenja, toʻngʻich yoki yolgʻiz farzandlarning baholari istisno qilinishi mumkin, biroq oʻrtancha farzandlarning ballari haqiqatga yaqin turadi”, deydi tadqiqot oʻtkazgan mutaxassislardan biri.

 

Olimlar dastlab aka-ukasi yoki opa-singlisi bor boʻlgan bolalar oʻzgacha qobiliyatga ega boʻlishi mumkinmi, deya hayron boʻlishgan. Ammo yakunda ularning yaxshi koʻrsatgich qayd etgani koʻp farzandlar oraligʻida tugʻilgani bilan bogʻliq ekani maʼlum boʻlgan.

 

Xulosani yanada aniqlashtirish uchun olimlar yana tadqiqot oʻtkazishgan. Bu safargi guruhga 77 ming nafar ishtirokchi jalb qilingan. Ulardan oʻzlari bilan oʻsgan birodarlar soni haqida soʻralgan.

 

Yakunda mutaxassislar aka-ukalar qanchalik koʻp boʻlsa, oʻrtancha farzandlarning halollik, kamtarlik va xushmuomalalik darajasi shuncha yuqori boʻlishini aniqlagan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//