Toshkent shahridagi maktablardan birida sil kasalligi aniqlandi

Saqlash
12:03 / 24.01.2025 157 0

Ijtimoiy tarmoqlarda poytaxtdagi umumtaʼlim maktablaridan birida sil kasalligi aniqlangani haqida xabarlar tarqaldi.

 

Mazkur holat yuzasidan Sogʻliqni saqlash vazirligi quyidagilarni maʼlum qildi

 

Aniqlanishicha, Shayxontohur tumanidagi 59-sonli umumtaʼlim maktabining 11-sinf oʻquvchisi M.S. 2024-yilning 26-dekabrida Toshkent shahar 3-son ftiziatriya dispanseriga murojaat qilgan.

 

Bemorning opasi M.D.ning soʻzlariga koʻra, singlisi M.S. soʻnggi oylarda tez-tez betob boʻlgan. Davolanish uchun faqat xususiy klinikaga murojaat qilgan. Oxirgi marta LOR-shifokor koʻrigidan keyin 3-son ftiziatriya dispanseriga yuborilgan.

 

Dispanserda oʻtkazilgan rentgenografiya tekshiruvi natijasida unga “Oʻng oʻpka yuqori boʻlagi yalligʻlangan sili, yemirilish davri, BK +” tashxisi qoʻyilgan va bemor darhol Toshkent shahar bolalar sil kasalliklari shifoxonasiga yotqizilgan.

 

M.S. bilan uyda muloqotda boʻlgan 6 kishi (2 nafari 6 yoshgacha bolalar) 2024-yil 27-dekabrda 3-son ftiziatriya dispanserida rentgen tekshiruvidan oʻtkazilgan va ularda faol sil kasalligi aniqlanmagan.

 

Shuningdek, M.S. bilan muloqotda boʻlgan va kasallik yuqtirish xavfi mavjud 59-sonli umumtaʼlim maktabi va bemor qoʻshimcha darsga qatnagan xususiy oʻquv maktabi oʻquvchilari va oʻqituvchilari Sanitariya epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasi Toshkent shahar boshqarmasi nazorati ostida 3-son ftiziatriya dispanserida rentgenografiya va diaskin test tekshiruvlaridan oʻtkazilgan.

 

Tekshiruvlar davomida 1 nafar oʻquvchi (2008-yilda tugʻilgan A.A., bemor M.S.ning yaqin dugonasi)da “Oʻng oʻpka yuqori boʻlagi oʻchoqli sili” BK abs aniqlanib, u shifoxonaga yotqizilgan.

 

Shuningdek, 3 nafar oʻquvchi — A.A., R.M. va E.D. va 1 nafar oʻqituvchi B.U.larda kasallikka moyillik aniqlangani sababli profilaktik davo muolajalari boshlangan.

 

Aniqlangan kamchiliklar yuzasidan Sanitariya epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasi Toshkent shahar boshqarmasi tomonidan 59-sonli umumtaʼlim maktabi direktoriga nisbatan maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.

 

Bugungi kunda 59-sonli umumtaʼlim maktabida davlat dasturi asosida kapital rekonstruksiya ishlari olib borilayotgani sababli ushbu taʼlim muassasasining boshlangʻich sinf oʻquvchilari 115-umumtaʼlim maktabida, yuqori sinf oʻquvchilari esa tumandagi 82-sonli umumtaʼlim maktabida oʻqishni davom ettirmoqda.

 

Xabarga koʻra, joriy yil 21-yanvarda 82-sonli umumtaʼlim maktabida tegishli zararsizlantirish va dimlash tadbirlari takroriy olib borilgan. 2025-yil 22-yanvar kuni esa yalpi tozalash va shamollatish tadbirlari oʻtkazilgan.

 

Shuningdek, 115-sonli umumtaʼlim maktabida ham 23-yanvar kuni tegishli zararsizlantirish va dimlash tadbirlari takroriy tashkil etilgan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//