Uzundara qalʼasi sayyohlik maskaniga aylantiriladi

Saqlash
09:22 / 24.01.2025 80 0

Yunon va mahalliy meʼmorchilik anʼanalarini oʻzida mujassam etgan noyob yodgorlik hisoblanuvchi Uzundara manzilgohini qayta tiklash boʻyicha loyiha ishlab chiqildi.

 

Loyihada yodgorlik qayta rekonstruksiya qilinishi va turistik manzilga aylantirilishi rejalashtirilgan.

 

Surxondaryo viloyati Boysun tumanida joylashgan qadimiy Uzundara qalʼasi suvsiz togʻ choʻqqisida barpo etilgan boʻlib, u qadimda Baqtriya va Sugʻd chegarasidagi strategik ahamiyatga ega mudofaa obyekti hisoblangan.

 

Tarkibida Darband va boshqa himoya devorlari ham kirgan ushbu murakkab mudofaa tizimi chegara xavfsizligini taʼminlagan. U maʼmuriy va harbiy markaz sifatida faoliyat yuritgan.

 

Qalʼa devorlari oʻziga xos gorelyef va geraldik tasvirlar bilan bezatilgan. Bu yerda chegara otryadlari oʻz faoliyatlarini olib borgan.

 

Arxeologik qazishmalar natijasida qalʼada Aleksandr Makedonskiyning boshiga sher tasvirli niqob tushirilgan kumush drahma tangasi topilgan. Shuningdek, Antiox I davriga mansub turli tangalar ham qazib olingan boʻlib, topilmalar bu yerdagi moliyaviy va siyosiy hayot haqida maʼlumot beradi.

 

Qalʼaning tashqarisida alebastr qorishmasi bilan qoplangan tosh taxtachalar, toʻliq vannalar va choʻmilish kosalari topilgan. Bular qalʼa garnizoni hayoti va madaniyati haqida toʻliq maʼlumot beradi. Arxeologik tadqiqotlar hozirda Oʻzbekiston va Rossiya Fanlar akademiyalari hamkorligida davom ettirilmoqda.

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//