Yoshlar qancha oylik olishni xohlaydi?

Saqlash
16:50 / 22.01.2025 215 0

“Yuksalish” harakati yoshlar oʻrtasida soʻrov oʻtkazdi. Bundan maqsad boʻlajak kasbi boʻyicha respondentlar fikrini aniqlash, shuningdek, ularning nuqtai nazariga koʻra, qaysi mutaxassisliklar dolzarb va istiqbolli ekanligini bilishdan iboratdir.

 

Tadqiqot poytaxt va markaziy shaharlarda yashovchi 15 yoshdan 30 yoshgacha boʻlgan yoshlar oʻrtasida onlayn soʻrov usulida oʻtkazilib, unda 1843 kishi ishtirok etgan.

 

Ishtirokchilarning hududlar boʻyicha taqsimoti quyida keltirilgan:

 

 

13 ta savoldan iborat anketani toʻldirishga umumiy hisobda taxminan 10 daqiqa vaqt ketgan. Bu maʼlumot sifatini tushirmasdan, respondentlarga soʻrovnomani tez va ortiqcha qiyinchiliklarsiz toʻldirish imkonini bergan.

 

Savollar mazmuni yoshlar hayotining turli jihatlarini qamrab olgan. Xususan, ularning taʼlimga boʻlgan qarashlari, kasbiy intilishlari, qadriyatlari, shuningdek, ishga joylashish va karyera oʻsishiga boʻlgan munosabatlarini aks ettirgan.

 

Maʼlumotga koʻra, koʻpchilik (89,4 foiz) oʻz ixtiyoriga koʻra tanlangan mutaxassislik boʻyicha taʼlim olayotganini aytgan. Qatnashchilarning 7,2 foizi esa buning aksini maʼlum qilgan. 3,4 foizi esa boshqa sabablarni koʻrsatgan.

 

Ishtirokchilarning deyarli 55 foizi oʻz mutaxassisligini bolalikdagi orzusi tufayli tanlaganini aytgan. Tanlovga ota-onalari va oila aʼzolarining tavsiyasi boʻyicha oʻqishga kirganlar esa — 17,3 foiz.

 

Respondentlarning jami 11,5 foizi oʻz kasbini yuqori maosh va karyera qilishi mumkinligi sabab, 5 foizi raqobatning kamligi uchun tanlaganini bildirgan. Yana 6,6 foizi boʻlsa boshqa sabablarni koʻrsatgan.

 

Tahlilga koʻra, yoshlar istiqbolli koʻringan yoʻnalishlar orasida oʻz biznesiga ega boʻlishni birinchi oʻringa qoʻyadi (38,6 foiz). Shuningdek, 35,7 foiz respondent davlat xizmatida oʻzining istiqbolini koʻradi. Yoshlarning 6,9 foizi esa mehnat migratsiyasini, yana 7,4 foizi xususiy sektorda ishlashni oʻzi uchun istiqbolli yoʻl deb biladi.

 

Umumiy respondentlar sonining 6,8 foizi oʻz kelajagini huquqni muhofaza qilish organlari bilan bogʻlaydi. 4,6 foizi oʻzini IT-mutaxassis, shuningdek, psixolog sifatida koʻradi (bu bandlar respondentlar tomonidan mustaqil ravishda taklif qilingan).

 

Oʻzbekistonda ishlashga ishtirokchilarning 73,8 foizi ijobiy munosabat bildirgan. 19 foizi esa bu borada mamlakat imkoniyatlarini kengaytirish lozim deb hisoblaydi. 7,2 foiz yosh boshqa sabablarni koʻrsatishgan.

 

Qizigʻi, umumiy respondentlarning 24,9 foizi chet elda ishlashni rejalashtirayotganini maʼlum qilgan. Ulardan nega ishlash uchun xorijni tanlayotgani soʻralganda, u yerda yuqori maosh toʻlanishi va rivojlanish uchun sharoit borligini sabab sifatida keltirgan.

 

Maosh masalasiga boʻlgan qarash ham tadqiqot jarayonida oʻrganilgan. Hisobotda yozilishicha, yoshlarning yarmiga yaqini (49 foizi) har tomonlama qulay hayot uchun optimal daromad miqdori 10 million soʻm va undan koʻp boʻlishi kerak deb hisoblaydi. 31,9 foiz boʻlsa 8 milliondan 10 milliongacha, 15,8 foizi 4 milliondan 7 milliongacha oylik maoshni maʼqul deb bilishini aytgan. Respondentlarning qolgan 3,3 foizi boshqa miqdorlarni keltirgan.

 

Tadqiqotning yakuniy qismi mamlakatning barqaror rivojlanishi uchun qilinishi kerak boʻlgan zarur islohotlarga bagʻishlangan.

 

Respondentlarning fikriga koʻra, mamlakat rivoji uchun eng muhim masala bu ish oʻrinlari yaratilishidir (56,5 foiz). Ikkinchi oʻrinda, korrupsiyaga qarshi kurashish (43,4 foiz), shuningdek, byudjet mablagʻlari nazorati (30,1 foiz) va taʼlimning ochiqligi (30,7 foiz). Bundan tashqari, 20,7 foizga yaqin respondent raqamlashtirish va yangi texnologiyalarni joriy qilish muhimligini taʼkidlagan.

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//