Toshkent shahar hokimi milliylikni targʻib qilishga doir qarorni imzoladi

Saqlash
14:33 / 22.01.2025 102 0

Shavkat Umurzoqov “Toshkent shahrida milliylikni keng targʻib qilishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarorni imzoladi.

 

Hujjat bilan bir qator asosiy vazifalar belgilab olingan.

 

Jumladan, Toshkent shahrida milliylikni keng targʻib qilish boʻyicha Toshkent shahar ishchi guruh tashkil etiladi. U quyidagilarga masʼul hisoblanadi:

▪️ milliy liboslar va milliylikni ommalashtirishga oid targʻibot materiallarini ishlab chiqish;

▪️ korxona, muassasa va tashkilotlar hamda mahalla fuqarolar yigʻinlari bilan hamkorlikni tashkil etish;

▪️ ommaviy tadbirlar davrida milliy liboslar va milliylikning mavqeyini mustahkamlanishini taʼminlash;

▪️ milliy liboslar ishlab chiqaruvchi tadbirkorlik subyektlarini qoʻllab-quvvatlash;

▪️ mavzuga oid oʻquv-seminarlari, tanlovlar va boshqa tadbirlarni tashkil etish;

▪️ qarorning bajarilishi yuzasidan doimiy nazoratni amalga oshirish.

 

Shuningdek, Toshkent shahar hokimining oʻrinbosarlari, boshqarma va tashkilotlar, tuman hokimliklari:

▪️ mazkur qarordan kelib chiqqan holda targʻibot – milliy liboslar va milliylikning ijobiy ahamiyatini keng jamoatchilikka yetkazishga qaratilgan maʼrifiy, madaniy, axborot va reklama tadbirlarini amalga oshiradi;

▪️ milliy liboslarda yurishni, milliylikni targʻib qilishni va milliy madaniyatni rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlash maqsadida moddiy va maʼnaviy ragʻbatlantirish choralarni koʻradi;

▪️ davlat va jamoat tashkilotlari yoki xususiy sektorlar tomonidan oʻtkaziladigan madaniy, sport, maʼrifiy hamda boshqa turdagi tadbirlarga aholining keng qatlamlarini jalb qiladi.

 

Toshkent shahridagi davlat tashkilotlari, boshqarma va muassasalarda milliylikni targʻib qilish yoʻnalishida esa:

▪️ haftaning har juma kuni “Milliy liboslar kuni” deb belgilanadi va barcha korxona, muassasa va tashkilotlarning jamoalarida targʻib qilinadi;

▪️ Toshkent shahar va tuman hokimliklari, hokimliklar qoshidagi boshqarma, tashkilot va boʻlimlar, boshqa davlat organlari va muassasalari xodimlari ish kunlarida milliy liboslarda yurishi tavsiya etiladi (tasdiqlangan xizmat kiyimlari bundan mustasno);

▪️ xodimlarning milliy liboslarda yurishi uchun alohida shart-sharoitlar yaratib beriladi.

 

Bundan tashqari, hujjatda bir qator masʼul rahbarlarga topshiriqlar berilgan. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish boʻlsa Toshkent shahar hokimining oʻrinbosari Sh. Sultonova zimmasiga yuklatilgan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//